O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan 1−5 sentyabr kunlari dam olish deb e’lon qilingani bois pensiya va nafaqalarni to‘lab berish muddati uzaytirilmoqda. Bu Pensiya jamg‘armasi va Xalq bankining qo‘shma bayonotida qayd etilgan.

Bugunga qadar prezidentning 2017 yil 2 fevraldagi [PQ-2753-son] farmoniga muvofiq, pensiya va nafaqa pullari har oy birinchi bank ish kunidan boshlab 27 sanasiga qadar to‘lab kelinayotgan edi.

Xususan, to‘lovlar kunlik grafik asosida (dam olish kunlaridan tashqari) mahalla fuqarolar yig‘inlari va fuqarolarning yashash manziliga borgan holda yetkazib kelingan.

Prezidentning 2020 yil 3 dekabrdagi «2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida"gi [PF-6122-son] farmoniga asosan 1−5 sentabr kunlari barcha soha vakillari uchun dam olish kuni deb e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan fuqarolar o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishini oldini olish hamda pensiya va nafaqa oluvchilarning ovoragarchiliklariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki bayonot bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, sentyabr oyi uchun beriladigan pensiya va nafaqa to‘lovlari naqd pul shaklida 6−7 sentyabr sanasidan boshlab amalga oshiriladi hamda belgilangan muddatlargacha to‘lanishi ta’minlanadi.

Shuningdek, pensiya va nafaqa to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda oluvchi fuqarolarga mablag‘lar 6−7 sentyabr kunlari ularning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.

17 avgust kuni imzolangan prezident farmoniga ko‘ra, 1 sentyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshirilgani haqida yozgandik. unga ko‘ra, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 289 000 so‘m, yoshga doir eng kam pensiyalar — oyiga 565 000 so‘m etib belgilandi.