O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ayrim axborot agentliklari va internet saytlarida tarqalgan O‘zbekistonning Afg‘onistondagi toliblar rejimidan qochayotgan odamlar uchun o‘z chegaralarini ochishga tayyor ekanligi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, hozirda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va «Termiz» nazorat-o‘tkazish punktidan quruqlik orqali o‘tish amalga oshirilmayapti. Yaqin orada O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi «Termiz» nazorat-o‘tkazish punktini ochish ko‘zda tutilmagan. Chegarani kesib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlar, ularning sabablaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bartaraf etiladi, deyiladi xabarda.

Tashqi siyosat idorasi oxirgi 12 kun ichida Afg‘onistondan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatib, ularning mamlakatimizga kelishi va O‘zbekistonni tark etishi faqat havo yo‘li orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston o‘z hududida afg‘on qochoqlarini qabul qilmasligini, tranzitda yordam ko‘rsatishini, ularning mamlakatda qat’iy cheklangan vaqtda bo‘lib turishini yana bir bor ma’lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda qo‘shni mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqligini yana bir bor ta’kidladi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston avvalroq Afg‘oniston fuqarolari chegarada boshqa davlatlarga uchish chiptasini ko‘rsatib o‘tayotgani, biroq xorijga ketmasdan, mamlakatda qolib ketayotgani haqida xabar qilgan edi. Senator Qutbidin Burxonov mazkur holat terroristik faoliyat uchun qulay sharoit yaratishidan xavotir bildirdi. TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev bunga javoban tranzit jarayonida chet el fuqarolarining dastlabki ro‘yxati tuzilishi hamda ular «filtr»dan o‘tkazilishini ma’lum qildi.