Senat yalpi majlisida Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qonunda 26 sentyabr kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilgan.

2018 yil 2 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, oldinroq DXX kasb bayrami 5 aprel kuni nishonlanar edi.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganish Davlat xavfsizlik xizmatining tarixi aslida O‘zbekiston prezidentining 1991 yil 26 sentyabrda qabul qilingan PF-265-sonli farmoniga borib taqalishi ko‘rsatadi, deyiladi Senat xabarida.

«Bugungi kunda 5 aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016 yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan so‘ng, 26 sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.