Surxondaryodagi bojxona postida qariyb 100 kglik giyohvandlik vositalarini kontrabanda orqali olib o‘tishning oldi olindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 25 avgust kuni tungi soat 3:30 larda qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi Mersedes-Benz rusumli yuk avtotransport vositasi Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining «Sariosiyo» chegara bojxona postiga kirib kelgan.

Xabarga ko‘ra, haydovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidek, avtotransport vositasiga 20 tonna og‘irlikdagi ip kalava yuklanganini ma’lum qiladi. Ushbu avtotransport vositasining tirkamasi belgilangan tartibda xizmat iti ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, tirkamaning old tomoni pastki qismiga xufyona tarzda jami 93 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani fosh qilingan.

Qayd etilishicha, mazkur o‘ramlar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida yashil va qizil ranglardagi 82 ta o‘ramga 85 kg 505 gramm og‘irlikdagi «geroin» hamda 11 dona sariq rangli o‘ramga 11 kg 425 gramm og‘irlikdagi gashish giyohvandlik vositasi joylanganligi ma’lum bo‘ldi.

«Shunday qilib, mazkur holatda jami 96 kg 930 gramm og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining respublika hududiga yashirincha olib kirilishining oldi olindi», — deyiladi xabarda.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 1,3 tonnadan ortiq yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb uchdan bir qismga ko‘proq narkotiklar partiyasi yo‘q qilingan edi. Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 6032 ta, ya’ni avvalgi yilga nisbatan 20 foiz ko‘proq jinoyat fosh etilgani ma’lum qilingan.