25 avgust kuni Xalqaro islom akademiyasida Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgan noyob tarixiy-madaniy boyliklarni O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga rasman topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

«Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga asosan madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solish Madaniyat vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston uchun madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan 29 ta qo‘lyozma va 16 ta sopol buyum 2016 yilda qonunbuzar tomonidan yashirincha olib chiqib ketilgan. Mazkur ashyolardan 9 dona qo‘lyozma va kitoblar arab, fors va turkiy tillarda yozilgan diniy matnlar va she’riy asarlar bo‘lib, taxminan 1644−1880 yillar davrida yaratilgan. 16 dona sopol buyumdan 3 tasi esa o‘rta asrlar va yangi davrdagi (XV-XVII asrlar) Samarqand kulolchilik maktabiga mansub.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘tkirjon Kodirov, so‘nggi 5 yil davomida respublika bojxona organlari tomonidan 450 ga yaqin qo‘lyozma asarlar, noyob tanga va boshqa osori-atiqalar ushlab qolinganini ma’lum qildi.