Shvetsiyalik Bu Andersson UzAuto Motors yangi bosh direktori etib tayinlandi, deb «Gazeta.uz» ga «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar Bu Andersson 2017 yildan buyon eng yirik avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan «Yazaki Europe, Africa, North & South America» korporatsiyasiga rahbarlik qilgan.

65 yoshli shvetsiyalik mutaxassis (1955 yilda tug‘ilgan) 2009 yildan 2013 yilgacha «Gruppa GAZ» korxonasiga prezident etib tayinlangan. 2014 yildan 2016 yilgacha «AvtoVAZ» OAJ prezidenti bo‘lgan. 1993 yildan 2009 yilgacha xarid yo‘nalishida turli raxbar lavozimlarni egallagan va 2001−2009 yillarda «General Motors»ning global xarid bo‘linmasiga rahbarlik qilgan. Bungacha u Shvetsiyada harbiy faoliyatini davom ettirishga harakat qilgan.

Bungacha GM Uzbekistan`ni (keyinchalik UzAuto Motors) 2016 yildan beri Rustam Radjabov boshqargan.

«Uzavtosanoat» aniqlik kiritishicha, 2018 yildan boshlab kompaniya yirik trasformatsiya jarayonini boshdan kechirib, zarardan barqaror foyda keltiradigan biznesga aylandi. 2020 yildagi pandemiyaga qaramasdan, UzAuto Motors o‘z ishlab chiqarishini 281 ming dona avtomobilga o‘stririshga erishdi. 2020 yildan buyon «Uzavtosanoat» AJ «Boston Consulting Group» bilan hamkorlikda o‘zining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqib, 2021 yil aprelida qo‘shma trasformatsiya ofisini tashkil etgan.