Keyingi vaqtlarda o‘zboshimchalik bilan reklama lavhalarini daraxtlarga osib qo‘yish holatlari tez-tez uchrab turibdi, deya xabar berdi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot xizmati.

«Metall konstruksiyali reklama lavhalarini o‘rnatish uchun daraxt tanasiga har tomondan mixlar qoqib qotiriladi hamda kabel va simlar o‘tkazilib, ular ham daraxt tanasiga turli xil usulda yana bir bor mustahkamlanadi. Bunday reklamalarni joylashtiruvchilar daraxtlarning holati haqida aslo qayg‘urmaydilar — qo‘lbola usulda yasalgan bilbordlarini osish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularning tanasiga mix va burama mixlar qoqib, ilgaklar bilan bog‘lab qo‘yadilar», — deyiladi xabarda.

Joriy yilning o‘tgan davrida daraxtlarga reklama o‘rnatish bo‘yicha 13000 dan ortiq holatlar aniqlangan. Reklamalar zudlik bilan olib tashlangan.

«Reklama to‘g‘risida» gi qonunga muvofiq, tashqi reklamani moddiy madaniy meros obyektlarida, yo‘l belgilarida va svetoforlarda, ularning tirgaklarida yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qanday qurilmalarda, shuningdek dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yo‘li bilan joylashtirish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) daraxtlarda o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan noqonuniy reklamalarning atrof-muhitga zarar yetkazayotgani yuzasidan tegishli chora ko‘rilishi bo‘yicha xat chiqarildi.

Agentlikning Telegram-boti orqali tashqi reklama vositalarining daraxtda o‘rnatilgani haqida xabar berish mumkin.