BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasida qaysi davlat rahbarlarining qatnashishi ma’lum bo‘ldi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 76-sessiyasida Braziliya, Venesuela, Qirg‘iziston, Livan, Moldova, Falastin davlati, Polsha, AQSh, Turkiya, Ukraina, Fransiya va Estoniya prezidentlari so‘zga chiqadi. Bundan tashqari, Armaniston, Buyuk Britaniya, Gaiti, Gruziya, Isroil, Italiya, Kanada, Pokiston va Yaponiya hukumat rahbarlarining chiqishlari kutilmoqda. Umumiy yig‘ilishning yuqori darajali haftaligi 21 sentyabrda boshlanadi. — TASS.


Fransiya janubida o‘rmon yong‘inlari tufayli minglab odamlar evakuatsiya qilinadi

Fransiya janubidagi Var departamentida o‘rmon yong‘inlari tufayli minglab odamlar evakuatsiya qilinmoqda. Shuningdek, kempinglarda joylashtirilgan sayyohlar ham evakuatsiya qilinadi. Hozircha vafot etganlar to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Uch kishi yengil tan jarohatlari olgan, yana 19 kishi tutundan zaharlangan.

Yong‘in dushanba kuni tushdan keyin boshlanib, seshanba kuni ertalab 5 ming gektar maydonni qamrab oldi. Fojia 100 ga yaqin uy xo‘jaliklarini va Grimodagi Charlemagne kempingini butunlay qurshab oldi. Hududda bir nechta avtomobil yo‘llari yopilgan. Yong‘inni 700 kishi, shu jumladan qo‘shni bo‘limlarning o‘t o‘chiruvchilari o‘chirmoqda. — BFMTV.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi xabarlar

  • «Tolibon» ayollarni bo‘lajak hukumatda ishtirok etishga taklif qildi. Bundan avvalroq, bir guruh ayollar Kobul markazida namoyish o‘tkazib, ayollarga mamlakatning bo‘lajak hukumatidagi ba’zi lavozimlarni ajratishni talab qilishdi. Kunar viloyatida Afg‘oniston sobiq hukumati bayrog‘ini saqlab qolish talabi bilan yoshlarning miting uyushtirgani ham aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, bu talab butun Afg‘onistonda qo‘llab-quvvatlanmoqda.
  • «Tolibon» o‘z vakillariga qat’iy intizomga rioya qilgan holda Afg‘onistondagi xorijiy diplomatik vakolatxonalarning bo‘sh binolarini bosib olmaslikni va diplomatlarning mashinalarini to‘xtatmaslikni buyurdi.
  • «Tolibon» patrullari Kobul aeroportiga afg‘onlar uchun kirishni to‘sib qo‘yishdi, faqat chet elliklarning o‘tishiga ruxsat berilmoqda.
  • «Tolibon» hukumat amaldorlariga umumiy amnistiya e’lon qildi va afg‘onlarni ishga qaytishga chaqirdi. TOLOnews telekanali ayol teleboshlovchi va muxbirlar ishtirokidagi ko‘rsatuvlarni uzatishda davom etmoqda.
  • «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni monopollashtirish niyatida emasligiga ishontirdi. «Biz [Tolibon] mamlakatda hokimiyat monopoliyasiga ega bo‘lishni xohlamaymiz», dedi Qatardagi harakat siyosiy idorasi matbuot kotibi Muhammad Sohail Shohin. Uning qo‘shimcha qilishicha, «shuning uchun „Tolibon“ Afg‘onistonda inklyuziv islom hukumatini tuzishga intilmoqda».
  • «Tolibon» vakilining aytishicha, toliblar hech kimdan qasos olmaslikka va sobiq hukumat xatolarini hisobga olishga va’da bergan. Shuningdek, «Tolibon» vakili Kobuldagi diplomatlar xavfsizligini harakatning ustuvor vazifasi deb atadi. Bundan tashqari, harakat Afg‘oniston hududini hech kimga qarshi ishlatishga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.
  • «Tolibon»ning ma’lum qilishicha, harakat Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston transmilliy gaz quvuri qurilishi va mamlakatda boshqa yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor.
  • «Tolibon» Afg‘onistonda alohida ta’lim joriy etishga qaror qildi. Ularga ko‘ra, o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida sinflar yaratiladi.
  • BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi idorasi mamlakatlarni o‘z hududida bo‘lgan afg‘on fuqarolarini, shu jumladan, boshpana so‘rovi rad etilgan shaxslarni chiqarib yubormaslikka chaqirdi.
  • Yaponiya Afg‘onistondagi diplomatik missiyasini vaqtincha yopdi. Ta’kidlanishicha, diplomatik vakolatxonaning barcha yapon xodimlari Dubayga evakuatsiya qilingan. Xabarga ko‘ra, Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan yapon diplomatlari o‘z faoliyatini Istanbulda joylashgan vaqtinchalik idorada davom ettiradilar.
  • Bangladesh AQSh hukumatining afg‘onlarga vaqtinchalik boshpana berish haqidagi iltimosini rad etdi.
  • Yakshanba kuni kechqurun Amerika harbiy-havo kuchlarining Boeing C-17 Globemaster III rusumli harbiy-transport samolyoti Kobuldan 640 nafarga yaqin afg‘onlarni evakuatsiya qildi. Barcha qochqinlar samolyot poliga joylashtirilgan hamda ular sog‘-salomat Qatardagi aviabazaga yetib borishgan. Germaniya maxsus samolyotlari ham 130 nafarga yaqin afg‘onlarni mamlakat olib chiqdi.
  • AQSh prezidenti Afg‘onistondan harbiylarni olib chiqib ketayotganidan afsusda emasligini aytib, Amerika Afg‘onistonda o‘z maqsadiga erishganini ma’lum qildi. «Bizning Afg‘onistondagi yagona hayotiy va muhim manfaatimiz AQShga nisbatan terrorchilik hujumlarining oldini olish bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», — dedi u. Bundan tashvari, Bayden afg‘on qochqinlariga yordam berish maqsadida 500 mln dollar mablag‘ ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
  • Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Afg‘onistondagi vaziyatga izoh berib, «toliblarning bunday tez hokimiyatni qo‘lga kiritishi uzoq vaqt mobaynida soya soladi», deya ta’kidladi u. «Biz javoblarni [NATO] blokida birgalikda izlashimiz kerak. Tergov tez emas, eng muhimi halol va puxta bo‘lishi kerak», — dedi Shtaynmayer. «Biz insoniy fojiani ko‘ryapmiz, buning uchun biz ham javobgarmiz», — deya qo‘shimcha qildi u. «Kobul aeroportida tushkunlikka tushgan umidsizlik siyosiy G‘arb uchun uyat», dedi Germaniya prezidenti afg‘onlarning Amerika samolyotlariga kirishga urinayotgani tasvirlangan video lavhalarga ishora qilib.

Shuningdek:

  • Gaitidagi zilzila qurbonlari soni 1419 kishiga yetdi. 6 mingga yaqin odam jarohat oldi.
  • «Bayterek» kosmik raketa majmuasi rasman «Nazarboyev starti» deb nomlanadi.
  • Afg‘onistondagi vaziyat fonida Tojikistonda Rossiyaning harbiylari mingga yaqin nafar askarlar ishtirokida yangi manyovrlarni boshladi.
  • Yaponiya hukumati koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan favqulodda vaziyat rejimini 12 sentyabrgacha uzaytirdi.