Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatiga qo‘ngan va ichida Afg‘oniston harbiy xizmatchilari bo‘lgan ikkita Black Hawk vertolyot aks etgan videoyozuv tarqaldi. «Gazeta.uz» manbasi afg‘on vertolyotlarining Surxondaryoga qo‘nganini tasdiqladi.

Videoyozuvdagi muloqotga tayanilsa, vertolyotlardan birida 9 nafar, ikkinchisida esa 12 nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan. Ularning aksariyati uchuvchi ekanliklarini aytishgan.

Afg‘oniston harbiylarining yonida qurollar — to‘pponchalar va avtomatlar — bo‘lgan hamda ularni O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va chegarachilarga topshirishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Videoga ko‘ra, Afg‘oniston harbiy xizmatchilari o‘zbek tomonining barcha talablarini bajargan va chegarachilar faoliyatiga to‘sqinlik qilmaganlar.

Afg‘on harbiylarida biri nima uchun ular O‘zbekistonga uchib kelgani haqidagi savolga javob berar ekan, o‘zbek tilida: «Toliblar Kobulni egallashdi, biz jang maydonidan qochdik… boshqa choramiz yo‘q edi, biz shu yerga kelishga majbur bo‘ldik», — deya javob berdi.

8 daqiqayu 27 soniyalik yozuv boshida IIV xodimlarini, oxirrog‘ida esa DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarini ko‘rish mumkin. Ular uchuvchilarga vertolyotlarni yaqin aeroportga olib borishga buyruq berishgan. Yozuv vertolyot havoga ko‘tarilishi bilan tugaydi.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Bosh prokuratura 14−15 avgust kunlari Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta harbiiy vertolyoti O‘zbekiston havo hududiga kirgan va Termiz xalqaro aeroportiga majburiy qo‘ndirilganini ma’lum qilgan edi. 15 avgustda Afg‘onistonning Embraer 314 harbiy samolyoti uni kuzatib borayotgan O‘zbekiston HHKning «MiG-29» samolyoti bilan to‘qnashib, har ikki samolyot Surxondaryo viloyati hududiga qulagan. Ularningr uchuvchilari parashyut orqali yerga tushishgan.