Prezidentning 13 avgustdagi qarori bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga yangi vazifalar yuklatildi.

Jumladan, endilikda markaz doimiy ravishda joylardagi davlat hokimiyati organlarini hududlaridagi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni tezlashtirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqishda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar bilan ta’minlab turadi.

Bundan tashqari, markaz joylardagi mavjud resurs bazalarini o‘rgangan holda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish zanjirlarini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi.

Markazga hokimliklar bilan birgalikda har chorakda tumanlar kesimida aholi o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish vazifasi ham yuklatildi.

Markazning yana bir vazifasi — O‘zbekistonning dunyo iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi jarayonining milliy iqtisodiyotga ta’sirini o‘rganish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda vakolatli organlarga ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar taqdim etishdan iborat.

Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda sanoatda klasterlar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqadi, joylardagi davlat hokimiyati organlariga biznes tahlillar taqdim etadi.

Markaz tuzilmasida sanoat klasterlarini rivojlantirish, ITni joriy etish va ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish, shuningdek, jamoatchilik va marketing o‘rtasidagi aloqalar bo‘yicha sektorlar tashkil etiladi.

Markazning hududiy filiallari Qoraqalpog‘izston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida tashkil etiladi.