«Tolibon» harakati Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Balx viloyatining ma’muriy markazi bo‘lmish Mozori-Sharif shahrida o‘z nazoratini o‘rgantganini e’lon qildi. Bu haqda TASS toliblarning rasmiy vakili Zabihulla Muxohidning Twitter`da qoldirgan bayonotiga asoslanib xabar bermoqda.

«Hozirgina Balx viloyatining poytaxti — Mozori-Sharif shahri bizning nazoratimizga o‘tdi. Bir necha daqiqa oldin gubernator, politsiya rahbari, razvedka xizmati <...> va viloyatning boshqa rahbarlari qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

«Al-Arabiya» telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari Mozori-Sharifni deyarli jangsiz toliblarga topshirishgan, o‘z pozitsiyalari va qurollarini tashlab, qochishga tushishgan. Shahar chekkalarida kichik to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Reuters agentligining Balx viloyati mahalliy kengashi rahbari Muhammad Afzal Hadidga tayanib ma’lum qilishicha, Mozori-Sharifdan qochgan hozirda hukumat qo‘shinlari vakillari O‘zbekiston bilan chegara tomon yo‘l olgan.

VoA jurnalisti Ayaz Gul (Ayaz Gul) Hayraton (Afg‘oniston) hamda Termiz (O‘zbekiston) shaharlarini birlashtiradigan Amudaryo ustidagi avtomobil-temiryo‘l ko‘prigi bo‘lmish Do‘stlik ko‘prigidan lavhalarni e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik xizmatlarining chekingan qismi qo‘shni O‘zbekiston tomon qochgan.


Do‘stlik ko‘prigi. Foto: «Gazeta.uz»

New York Times nashrining yozishicha, «Tolibon» shimoldagi so‘nggi shaharni juda tez egallab olgan. Shahar chekkasidagi front liniyasi kesib o‘tilgandan so‘ng bir soat o‘tiboq toliblar Mozori-Sharifda o‘z nazoratini o‘rnatgan. Bundan ko‘p to‘may hukumat xavfsizlik kuchlari va mahalliy jangari guruhlar qochishni boshlagan. Ularning orasida Afg‘oniston o‘zbeklarining norasmiy yetakchisi marshal Abdul- Rashid Do‘stum va tojiklar yetakchisi, Balx viloyatining sobiq gubernatori Atta Muhammad Nur ham borligi aytilmoqda.


«Tolibon» nazorati ostidagi hududlar, bahsli va hukumat hududlari Manba: The New York Times.

«Gazeta.uz» hozircha chegaradagi holat bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatlaridan izoh olomadi.

Shu hafta «Tolibon» Afg‘onistonning ikkinchi yirik shahri Qandahorni va eng yirik viloyatlardan biri Hirotni egalladi. Mozori-Sharif toliblar qo‘liga o‘tgandan so‘ng faqatgina ikkita yirik shaharlar — Qobul va mamlakatning sharqida joylashgan Nangarxar viloyati markazi bo‘lmish Jalolobod shahri hukumat nazorati ostida qolmoqda.