Yirik kompaniyalar asoschilari va milliardlab dollarlarga ega tadbirkorlar doimo ommaning diqqat markazida bo‘lishadi. Ammo ba’zida dunyoning eng boy odamlarining ham diqqat markazidan yo‘qolib qolishi holatlarini ko‘rish mumkin. Masalan Alibaba asoschisi Jek Man yoki Google asoschisi Larri Peyjning omma e’tiboridan yo‘qolishi bunga misol bo‘la oladi. Millionerlarning nega va qayerga yo‘qolib qolishi haqida Forbes maqolasining tarjimasini taqdim etamiz.

Africrypt asoschilari Amir va Rais Kaji

Foto: DR

2021 yilning aprel oyida Janubiy Afrikadagi Africrypt kriptoplatformasi asoschilari platformaga kiberhujum bo‘lganligi haqida e’lon qilishgan, biroq foydalanuvchilardan huquqshunoslarga murojaat qilmaslikni iltimos qilishgan. Investorlar 17 yoshli Amir va 21 yoshli Raisa Kajining iltimosiga shubha bilan qarashgan va Hanekom Attorneys yuridik firmasini yollashgan.

Platformaga kiberhujum haqidagi xabardan so‘ng, aka-ukalar g‘oyib bo‘lishgan. Ularning o‘g‘irlab ketilgani haqida xabarlar ham paydo bo‘lgan, Hanekom Attorneys yuridik firmasi Africrypt asoschilarini topishga yordam berish uchun Janubiy Afrika milliy politsiyasining elita bo‘linmasiga murojaat qilgan. Ular bilan birga foydalanuvchilarning mablag‘lari — 3,6 mlrd dollarlik bitkoinlar ham yo‘qolgan, deb yozadi Bloomberg.

«Biz politsiyaga murojaat qilmaslik iltimosini darrov shubhali deb bilganmiz. Bundan tashqari, Africrypt xodimlari bir hafta oldin, ya’ni platformaga kiberhujum bo‘lishi haqidagi e’londan avval, unga kirish imkoniyatini yo‘qotganlar», — deya qayd etgan edi Hanekom Attorneys.

Tergov davomida investorlarning mablag‘lari yo‘naltirilgan xakkerlardan birining manzili Africrypt bazasida oldin ham uchraganligi aniqlangan edi. U kompaniyaning navbatchi operatsiyalarini amalga oshirish uchun foydalanilgan hamyonlardan biri bo‘lgan.

Shuningdek, xakerlar tomonidan o‘g‘irlangan mablag‘lar dastlab kriptovalyuta hamyonidan ham, Africrypt bank hisob raqamlaridan ham yig‘ilgani, so‘ng ularni topishni murakkablashtirish uchun «bitkoin-mikserlari» (mablag‘lar maydalanib, boshqa tarmoq ishtirokchilari mablag‘lari bilan aralashtiriladi) orqali o‘tkazilgani aniqlandi. Hozirda investorlarning mablag‘lari va kripto birja asoschilari qayerda ekanligi noma’lum.

Aka-ukalarning advokati Jon Ostxeyzen «Bi-bi-si» ga ma’lum qilishicha, uning mijozlari «o‘g‘rilikka» aloqadorliklarini yoki pul bilan yashirinishganini «qat’iy rad etishadi». «Ayblovlarga hech qanday asos yo‘q», — degan edi advokat. «Ularning ta’kidlashicha, bu xakerlik xujumi bo‘lgan va ushbu aktivlar ulardan o‘g‘irlangan», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Bundan tashqari, Ostxeyzenning so‘zlariga ko‘ra, aka-ukalar tahdid tufayli yashirinishga majbur bo‘lishgan, ammo ular tergov bilan hamkorlik qilishga tayyor. Bundan tashqari, ularning so‘zlariga ko‘ra, 5 mlrd dollardan ko‘p bo‘lmagan mablag‘ yo‘qolgan.

Google asoschisi Larri Peyj

Foto: Zuma / TASS

Google asoschilaridan biri va milliarder Larri Peyj bir yil oldin Sergey Brin bilan Alphabet`ni (Google Inc`ga tegishli bo‘lgan loyihalarga ega xolding) tark etganidan keyin omma oldida chiqmay qo‘ygan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, pandemiya paytida milliarder bir necha oyni Fiji orollarida o‘tkazgan, u yerda milliarderni shaxsan ko‘rgan yoki hatto u bilan bog‘langan manbalar Business Insider nashriga bu haqda xabar berishgan. Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Peyj Fijining eng katta oroli Viti-Levu g‘arbidagi Tavarua orolida yashagan. Milliarderning u yerda nima qilayotgani va nima uchun odamlar e’tiboridan chetda yashashga qaror qilgani noma’lum.

Quadriga acoschisi Jerri Kotton

Foto: DR

Quadriga kripto-birjasi asoschisi Jerri Kottonning yo‘qolishi, ehtimol, bu ro‘yxatdagi eng sirli hodisalardan biridir. QuadrigaCX — bu Kanada kriptovalyuta birjasi bo‘lib, 2013 yilda tashkil etilgan. Jerri Kotton kompaniyaning barcha aksiyalariga egalik qilgan. 2018 yilda Quadriga`ga 300 mingdan ortiq odam ro‘yxatdan o‘tgan.

2018 yil boshida birjada qiyinchiliklar boshlangan. Shu sababli Canadian Imperial Bank of Commerce (CIBC) 21,6 mln dollardan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan yuzlab birja hisoblarini muzlatishga qaror qilgan. Yil oxirida esa 30 yoshli Jerri Kotton Hindistonga borgani va uning vafot etgani haqida e’lon qilinadi.

Ammo kripto-birja asoschisi Hindistonda vafot etganidan uch kun o‘tiboq Kanadada dafn etilgani va foydalanuvchilarga voqea haqida faqat bir oy o‘tgach xabar berilgani Quadriga sarmoyadorlariga shubhali tuyulgan. Ma’lum bo‘lishicha, Kotton «o‘zi bilan birga mijozlarning jamg‘armalarini qabrga olib ketgan» — platformaning barcha parollari va kalitlarini faqat u bilgan. Birja yopilganda 137 million dollarga yaqin mablag‘ borligi aytilgan.

Qurbonlar tergovdan Kotonning jasadini eksgumatsiya qilishni bir necha bor so‘rashgan. Chunki ularga Quadriga asoschisi tirik va uning qabrida boshqa odam bordek tuyulgan. Bunga esa marhumning rafiqasi faol qarshilik ko‘rsatgan.

Alibaba asoschisi Jek Ma

Foto: twitter.com/AlibabaGroup

2020 yilning kuzida Ant Group fin-tex kompaniyasining aksiyalarining ommaviy joylashtirilishi bekor qilinganidan so‘ng, tadbirkor Jek Ma ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Uning omma oldidagi so‘nggi nutqi 24 oktyabrda bo‘lgan edi: o‘sha kuni milliarder mamlakat rasmiylarini va bozorning eng yirik ishtirokchilarini «lombard mentaliteti» va innovatsiyalarga qarshi chiqishlari uchun tanqid qilgandi.

Rasmiylarni tanqid qilish millarderning Ant Group moliyaviy kompaniyasi va Alibaba uchun ham muammolarni keltirib chiqargan. 24 dekabrda Alibaba kompaniyasi bo‘yicha monopoliyaga qarshi tergov o‘tkazilishi ma’lum bo‘lgan.

Shu voqeadan so‘ng Jek Ma bir necha oydan keyin — 2021 yil 20 yanvarda omma oldida birinchi marotaba paydo bo‘lgan. Milliarder internetda joylashtirilgan videoda xitoylik o‘qituvchilar va ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan:

«Men va hamkasblarim o‘qidik, o‘yladik va o‘zimizni ta’lim hamda jamoat farovonligini rivojlantirishga bag‘ishlashga qaror qildik», — degan edi u. O‘shandan buyon milliarder omma oldida hukumatni tanqid qilmagan.