Ayni vaqtda prezident va Olimpiada o‘yinlari ishtirokchilari uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuv davomida katta xarajatlar evaziga xorijdan sportchilarni (legioner) olib kelish tajribasi unchalik ham o‘zini oqlamayotganini aytib o‘tdi.

«Bunday amaliyotdan voz kechib, mahalliy sportchilarimizni tarbiyalashga jiddiy e’tibor qaratadigan payt keldi. Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni hamda sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak», — dedi u.

Davlat rahbari Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovga Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda sport yo‘nalishida ta’lim sifatini yanada oshirish, shuningdek, rivojlangan mamlakatlardan yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni, zamonaviy metodikalarni olib kelish bo‘yicha taklif kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ma’lumot uchun, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston nomidan rossiyalik Magomed Ibragimov va Jabrail Shapiyevlar, yunon-rum kurashida rossiyalik Rustam Assakalov, velosportda rossiyalik Olga Zabelinskaya, beshkurashda rossiyalik Alisa Faxrutdinovalar ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda meksikalik qilichboz Paola Pliyego O‘zbekiston fuqaroligini olgandi. U xalqaro musobaqalarda mamlakat sharafini himoya qilishi aytilgan edi. Ammo u olimpiada o‘yinlariga bora olmagan.