Xalq demokratik partiyasi 2021 yilgi prezidentlik saylovlariga Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Varisovani nomzod sifatida ko‘rsatmoqchi ekanligini e’lon qildi. Bu haqda partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Endi uning nomzodi partiya qurultoyi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Maqsuda Varisova Qonunchilik palatasi deputati, quyi palataning Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mita raisining o‘rinbosari hisoblanadi. U 1961 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat tibbiyot institutini bitirgan, mutaxassisligi bo‘yicha shifokor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan prezidentlik saylovlarida Narzulla Oblomurodov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov, «Milliy tiklanish» partiyasidan Alisher Qodirov nomzodlari e’lon qilingan edi.