Kanoeda eshkak eshish. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining navbatdagi kun dasturlarida o‘zbekistonliklar orasida kanoechi qizlar — Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova birinchi bo‘lib bahslarga kirishishdi.

500 metr masofaga kelgan saralash bahslarida o‘zbekistonlik sportchilar 2:04.854 soniya bilan o‘z guruhlarida to‘rtinchi natijani qayd etishdi.

Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova. Foto: MOQ axborot xizmati

Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova chorak finalni ham muvaffaqiyatli o‘tkazishdi. Ikkinchi guruhda startga chiqqan sportchilar 2:04.450 daqiqa vaqt bilan ikkinchi bo‘lib marraga yetib kelishdi va yarim finalga yo‘l oldilar. Endi ular ertaga yarim final bosqichida final yo‘llanmasi uchun startga chiqishadi.

Badiiy gimnastika. 6 avgust kuni o‘zbekistonlik badiiy gimnastikachi Yekaterina Fetisova ham Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi.

Yekaterina Fetisova. Foto: MOQ axborot xizmati

Farg‘onalik sportchi halqada 19.800, to‘pda 19.400, bulavada 17.950, tasmada esa 18.350 ball to‘pladi. Umumiy hisobda 75.500 ball jamg‘argan Fetisova 26 ishtirokchi orasida 24-natijani qayd etdi va bellashuvlardagi ishtirokini yakunladi.

Erkin kurash. Erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonov (-74 kg) Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining bronza medali uchun kurashga o‘tish bosqichida Gvineya-Bissau vakili Augusto Midanaga qarshi bahs olib bordi. Abdurahmonov ushbu kurashda katta qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi.

Bekzod Abdurahmonov shohsupaga ko‘tarilish uchun kechgan bellashuvda qozog‘istonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.


Bekzod Abdurahmonov. Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Bu bosqichda Abdurahmonovga 2019 yilgi JCH sovrindori Daniyar Kaysanov raqiblik qildi. Bellashuv davomida harakatlari va abjirligi bilan ajralib turgan Abdurahmonov yakunda o‘z g‘alabasini tantana qilib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir medalni qo‘shib qo‘ydi. Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 2 tadan oltin va bronzani tashkil etib turibdi.

Bekzod Abdurahmonovning taqdirlash marosimidan. Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Erkin kurash bo‘yicha yana bir O‘zbekiston vakili, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari sovrindori Magomed Ibragimov (-97 kg) Tokio-2020ning birinchi bellashuvida turkiyalik kurashchiga qarshi gilamga chiqdi.

Magomed Ibragimov. Foto: MOQ axborot xizmati

Sulaymon Karadenizga qarshi kechgan kurashda Ibragimov hisobda oldinda borayotgan edi. Biroq Karadeniz hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi va so‘nggi ochkoni olgandagi ustunligi evaziga keyingi davraga yo‘l oldi.

Karadeniz yarim finalda mag‘lub bo‘lganligi sababli Magomed bronza uchun kurashish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Zamonaviy beshkurash. Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan zamonaviy beshkurashchi Alise Faxrutdinova ikkinchi dasturdagi ishtirokini tugatdi.

Alise Faxrutdinova. Foto: MOQ axborot xizmati

Reglamentga ko‘ra, sportchilar ushbu dasturda suzish bo‘yicha bahs olib borishdi. 200 metr masofaga kechgan ushbu bellashuvda o‘zbekistonlik sportchi 2:16.45 daqiqa vaqt qayd etdi. Bu bilan u o‘z hisobiga yana 278 ochko qo‘shib qo‘ydi. Keyinchalik sportchilar qilichbozlik bo‘yicha qo‘shimcha bonus ochkolari uchun bahs olib borishdi.

Undan keyin Faxrutdinova ot sakratish va yugurib, lazerda o‘q otish bahslarida ham ishtirok etdi. Barcha musobaqalar natijasiga ko‘ra 1165 ochko to‘plagan Faxrutdinova yakunda 30-o‘rinni egalladi va musobaqa bilan xayrlashdi.

Xabar e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston ikkita oltin va ikkita bronza medali bilan musobaqa jadvalining 34-pog‘onasini egallab turibdi.