Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi 10-oilaviy poliklinikada fuqaro shifokorni do‘pposlayotganligi aks etgan video tarqaldi.

Holat bo‘yicha IIV matbuot kotibi Shoxrux Giyasov rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, 28 iyul kuni Namangan shaxar IIO FMB 2-son IIB navbatchilik qismiga xabar kelib tushgan. Shunga asosan, IIB xodimlari tomonidan voqea joyiga borilib tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Xabarda aytilishicha, Namangan shahar Yangiqurilish MFYda joylashgan 10-sonli oilaviy poliklinikada shifokor bo‘lib ishlovchi, N.K. (1994 y.t.)ni oldiga Namangan shahrida yashovchi B.N. (1999 y.t.) akasi G. N.(1996 y.t)ning sog‘lig‘i yaxshi emasligi va tana harorati ko‘tarilib ketganligidan shikoyat qilib tibbiy yordam so‘rab kelgan.

Ma’lumotga ko‘ra, N.K. tibbiy ko‘rikni o‘tkazib tana harorati ko‘tarilmaganligini aytganida, B.N. «noto‘g‘ri tashxis qo‘yyapsan» deb janjal ko‘tarib shifokor bilan mushtlashib ketgan. Oqibatda shifokor yuz, bosh va qo‘l qismiga jarohat olganligi aniqlangan, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, shifokor olgan tan jarohati bo‘yicha sudga oid ekspertiza tayinlangan bo‘lib, 4 avgust kungi xulosaga ko‘ra, unda bosh miya yopiq shikasti, bosh miya chayqalishi, o‘ng qo‘l tirsak sohasi shilingan jarohati, peshona, o‘ng chakka, o‘ng ko‘z yuqori qovoq soxasi qontalash jarohatlari borligi ushbu jarohat tibbiy mezonga ko‘ra og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘liqni buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati ekanligi aniqlangan.

Holat bo‘yicha Namangan shaxar IIO FMB TB tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi.