Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan ayol bloger Aqida Xanumga bergan intervyusida 11 yoshli o‘g‘li ikki yil davomida o‘z amakisi (1973 y. t.) tomonidan jinsiy tajovuzga uchraganini ma’lum qildi.

O‘g‘lining zo‘rlangani haqida bilgan ayol turmush o‘rtog‘iga: «Akangiz buni qilgan ekan, nahotki eshitmadingiz?» — deb so‘ragan. U: «Ha, eshitdim, men nima qila olardim? Akam bo‘lsa. Uni so‘yib tashlay olmayman-ku», — deya javob bergan.

«Nima uchun turmush o‘rtog‘ining akasi ustidan ichki ishlar organlariga ariza yozmadingiz? Faqatgina noqulay bo‘lgani uchunmi?» Aqida Xanumning bu savollariga ayol bosh irg‘ab javob berdi.

Ayol eri bilan uch farzandni ulg‘aytirmoqda. U ular tez-tez janjallashib qolganini aytdi. Eri uyni sotib, uni bolalari bilan ko‘chaga haydab solgani, shu sababli bir muddat ular chodirda yashaganini ma’lum qildi.

Bola yetti yoshida ayolning qaynotasi tarbiyasiga berilgan. Ular bir uchastkada yashashgan. Bola ko‘zida yosh bilan hammasi 2018 yoki 2019 yilda boshlanganini aytib bergan. U og‘riqni his qilgan, biroq qarindoshlariga aytishdan uyalgan. Nihoyat bu haqda buvisiga aytgan, biroq u hech qanday chora ko‘rmagan.

O‘tgan yilning may oyida ona bolasini shifokorga olib borgan. Hodisa haqida shifokordan tashqari uchastka noziri ham bilgan, biroq u hech qanday chora ko‘rmagan, chunki ota-onasidan ariza kelib tushmagan.

Aqida Xanum huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat yo‘llashini ma’lum qildi. Xabar e’lon qilingan vaqtda rasmiy tuzilmagandan hech qanday munosabat bildirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Buxoro viloyatida erkak kishining 14 yoshli qizni zo‘rlagani uchun uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar qilingan edi.