Toshkentning Sergeli tumanidagi omborxona binolaridan birida gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi FVV matbuot xizmati.

Hodisa 31 iyul kuni taxminan 19:30 larda «Qushqo‘rg‘on» mahallasidagi omborxona binolaridan birida yuzaga keldi. Hodisa natijasida omborxona binosidan tashqari, mazkur korxonaning ma’muriy binosi ham vayron bo‘ldi. Bundan tashqari, qo‘shni binoda joylashgan nonvoyxona ham qisman zarar ko‘rdi.

Favqulodda holat natijasida korxonaning bir ishchisi hayotdan ko‘z yumdi, uch kishi turli darajada jarohatlandi. Ular shifoxonaga yotqizildi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, chaqnashga binoda gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan. Hodisa joyida FVV qutqaruvchilari, IIV, prokuratura va boshqa tegishli idoralar vakillari ish olib bormoqda.