Isroil hukumati mamlakatda koronavirusga qarshi ommaviy revaksinatsiya boshlaganini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Meduza Reuters ma’lumotlariga tayanib. Ta’kidlanishicha, hozircha Isroil shunday qadam tashlagan ilk mamlakat hisoblanadi.

Pfizer/BioNTech vaksinasining uchinchi dozasini kamida besh oy oldin ikki dozali kursni tamomlagan 60 yoshdan oshgan fuqarolar olishi mumkin.

Rasmiylar qayta emlash zarurligini mamlakatda delta shtammining tarqalishi bilan izohladilar.

JSST rasmiy ravishda revaksinatsiyani uchinchi dozasi bilan emlashni tavsiya etmagan, chunki «uning samaradorligi va xavfsizligi to‘g‘risida yetarli tadqiqotlar yo‘q». JSST ta’kidlashicha, kasallanish holatlarining keskin o‘sishi va yangi shtammlarning paydo bo‘lishining oldini olish uchun rivojlangan mamlakatlar ortiqcha vaksinalarni kambag‘al mamlakatlar bilan bo‘lishishi mumkin.

Isroil yil boshida emlash darajasi bo‘yicha dunyodagi barcha mamlakatlar orasida yetakchilardan biri edi. Aprelga kelib u yerda aholining 60 foizi emlangani qayd etilgan.

Oxirgi bir oyda Isroilda delta shtammining tarqalishi tufayli kasallanish ko‘rsatkichlari keskin oshdi — hozir 10 million aholiga ega mamlakatda kuniga ikki mingga yaqin holat qayd etilmoqda. Iyun oyida har kuni bir necha o‘nlab odamlar kasallika chalindi.