Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimligi Rost24 nashrining «Ibrat» mahallasida bolalar maydonchasi ochilish marosimidan so‘ng uning sun’iy qoplamasi tashkilotchilar tomonidan yig‘ishtirib olingani to‘g‘risidagi xabariga javob qaytardi.

Xabarda aytilishicha, ushbu harakatlar bolalarning ko‘z o‘ngida amalga oshirilgan. Sayt ma’lumotlariga ko‘ra, maydoncha tuman hokimligi, Milliy gvardiya va Enter Engineering kompaniyasi tomonidan barpo etilgan.

«O‘zbekiston 24» reportajidan lavha.

Tuman hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, «oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tgan, kun issiqligi sababli yotqizilgan chimlar yaroqsiz holga kelgan». Shu sababli ularni almashtirish maqsadida eski chimlar olib tashlangan. Yangi chimlar joriy yil 1 avgustga qadar yotqizilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, Milliy gvardiya tashabbusi va sa’y-xarakatlari bilan Zangiota tumani hokimligi bilan hamkorlikda ushbu mahalla tubdan o‘zgarmoqda. Mahallada bolalar uchun maydoncha bo‘lmagan. Milliy gvardiya tashabbusi va sa’y-xarakatlari bilan bolalar maydonchasi barpo etildi. «Yozgi ta’tilni hisobga olgan xolda bolalar zerikib qolmasliklari uchun bolalar maydonchasi qisqa fursatda foydalanishga topshirildi», — deyiladi xabarda.