Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilayotgan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina saralash bahslarida 11-o‘rinni egalladi va final yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi.

Oksana Chusovitina 1975 yil 19 iyun kuni Buxoro shahrida tug‘ilgan. U sport bilan shug‘ullanishni 8 yoshida boshlagan. Uzoq yillar davomida Svetlana Kuznetsova qo‘l ostida sport gimnastikasini o‘rganib kelgan. 1990 yil terma jamoa a’zosiga aylangan.

Sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) hisoblanadi. 1992 yil Barselonada o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi, 3 karra Jahon chempioni.

Oksana Chusovitina yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Tokiodagi olimpiada uning uchun sakkizinchisi edi. Avvalroq, u olimpiadadan keyin faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan edi.