O‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 6 ta sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

17−24 iyul kunlari Litvada 51-Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO) o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, fan olimpiadasida dunyoning 73 davlatidan 365 nafar ishtirokchilar qatnashdi. Mazkur nufuzli xalqaro olimpiadada o‘zbekistonlik o‘quvchilar ham ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent shahridagi 71-maktab o‘quvchisi, Rail Xashayev bronza medalини qo‘lga kiritdi. Shuningdek, S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey o‘quvchisi, Madina Xasanjonova 4-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Foto: Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati

Bundan tashqari, 32-Xalqaro Biologiya olimpiadasi (IBO) natijalari ham e’lon qilindi. Olimpiada 18−23 iyul kunlari Portugaliyada tashkil etilib, unda dunyoning 76 davlatidan 304 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.

Ushbu olimpiadada o‘zbekistonlik o‘quvchilar 2 ta oltin, 1 ta kumush medallarini qo‘lga kiritdi. Ular:

  • Humoyun Norbekov — JDPI akademik litseyi 2-bosqich o‘quvchisi — oltin medal;
  • Aziza Abduvaliyeva — TPTI akademik litseyi 1-bosqich o‘quvchisi — oltin medal;
  • Yorqinbek Turdiboyev — Navoiy viloyati 11-IDUM o‘quvchisi — kumush medal.

Foto: Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, 14−24 iyul kunlari Rossiya Federatsiyasida 62-Xalqaro Matematika olimpiadasi (IMO) bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 110 davlatidan 623 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Buxoro viloyati 5-IDUM o‘quvchisi, Diyorbek Tolipov kumush medal hamda Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi, Olimjon Olimov bronza medalини qo‘lga kiritdi.

Shuningdek Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o‘quvchisi Doniyor Ismoilov imtiyozli diplomни qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, prezident qaroriga ko‘ra, dunyoda tan olingan nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Ya’ni:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (122,5 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 450 baravar (110,25 mln so‘m);
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (73,5 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 250 baravar (61,25 mln so‘m);
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (49 mln so‘m), o‘qituvchisiga -150 baravarida (36,75 mln so‘m).

Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan quyidagicha qo‘shimcha ustama oladilar:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun — 200%;
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun — 175%;
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun — 150%.