Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov 19 iyul kuni imzolagan «Shoshilinch» grifi ostidagi telefonogramma tarqaldi. Unda joriy yilning 22 iyul (prezident farmoni bilan rasman dam olish kuni deb e’lon qilingan) kuni soat 12:00da O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining katta majlislar zalida prezident Shavkat Mirziyoyevning «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqidan kelib chiqib, Kasaba uyushmalari federatsiyasi oldida turgan vazifalar to‘g‘risida videoselektor o‘tkazilishi aytilgan.

Foto: Tenrakminds / Telegram.

Telefonogrammada O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari raislariga, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari hamda Federatsiya apparati bo‘limlari mudirlari va mas’ul xodimlari ishtiroki ta’minlanishi talab qilingan.

Bundan tashqari, yig‘ilishni federatsiyaning hududlardagi boshqarmalaridan sohadagi boshqa rahbar va xodimlar ham kuzatishdi.

Yig‘ilishda qatnashganlardan biri faqat asosiy zalning o‘zida (hududiy boshqarmalarni hisobga olmaganda) 100 ga yaqin kishi, shu jumladan ularning aksari koronavirusdan xavf osti guruhiga kiritilgan aholi toifasi — 65 yoshdan oshganlar bo‘lganligini tasdiqladi.

Federatsiya matbuot kotibi Muhabbat O‘rmonbekovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, tadbir 1 soat atrofida davom etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar «ishga emas, balki «davra suhbati»ga o‘xshash muloqotga chaqirilgan». Matbuot xizmati rahbari ushbu kun ish kuni sifatida belgilanmaganini aytdi.


Kun.uz nashri 22 iyul 17:45 da bosh vazir Abdulla Aripov raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi aks etgan yana bir hujjatni e’lon qildi. Yig‘ilishga prezident maslahatchisi, bosh vazir o‘rinbosari, Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari, moliya vaziri va boshqalar chaqirilgan. Shuningdek, ularning orasida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ham qayd etilgan.

Mehnat kodeksining 132-moddasiga ko‘ra, bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlash man etiladi. Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida shu kunlari ishlashga yo‘l qo‘yiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, yig‘ilish o‘tkazilishi fakti Davlat mehnat inspeksiyasiga o‘rganishga yuborilgan. Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Mehnat kodeksining 9-moddasiga binoanBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy boshqarmalari mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiradi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishni kasaba uyushmalari ham amalga oshiradi.

2019 yilning dekabrida prezident davlat organ va tashkilotlarida yig‘ilishlarni qisqartirishni nazarda tutuvchi hujjatni imzolagan edi.

Shavkat Mirziyoyev shu yilning yanvar oyi yakunidagi videoselektorda «ruxsatsiz majlis o‘tkazgan» amaldorlar ishdan bo‘shatilishini ta’kidlagan edi.

«Ko‘p amaldorlar majlisbozlikka kasal bo‘lgan. Buni davolaymiz. Bugundan boshlab majlis qilmoqchi bo‘lgan hokimlar administratsiyadan ruxsat olib, uzog‘i 40 daqiqalik majlis o‘tkazishi mumkin. Ruxsatsiz majlis o‘tkazgan amaldorlar ishdan ketadi», — degan edi davlat rahbari.

Respublika maxsus komissiyasining apreldagi yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov ham uzoq davom etadigan yig‘ilishlarni tanqid qilgan edi.

Aprel oyida yakshanba kuni bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev raisligida hokimiyatlar, vazirlik va tashkilotlar xodimlari chaqirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mehnat vazirligi o‘shanda dam olish kuni ishga chiqqan xodimlarga kompensatsiya to‘lab berish haqidagi ogohlantirish xati yuborilganini ma’lum qilgan edi.