Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Abdulla Azizov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida davlat xizmatchilarining dam olish kunlari ham ishlashlari to‘g‘risida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda «hammasi o‘z joyiga tushib ketgandan keyin» davlat xizmatchilari shanba va yakshanba kunlari ishlashni to‘xtatadi.

«Biz hozir fundamentimizni quryapmiz. Agar fundamentimizni to‘g‘ri qursak, uzoqqa va barqaror borishimiz kerak, o‘shanda biz shanba ham, yakshanba ham dam ola olamiz. Nima uchun Daniya, Shvetsiya, Norvegiyalarda ish vaqtini qisqartirishyapti? Chunki ularda hammasi o‘z joyiga qo‘yilgan. Tizim ishlayapti. Siz bunchalik mashaqqat bilan ishlamaysiz. Bizda unday emas. Biz endigina mamlakatni oyoqqa turg‘izyapmiz, hamma narsani joyiga qo‘yyapmiz. Agar qo‘limizdan kelsa, balki o‘shanda buni alohida qilarmiz. Qaysidir idora oldinda bo‘ladi, unda boshqalar ham tezroq harakatlanishi uchun ularga yordam berish kerak. Poyezd yurishni boshlasa, biz uzoq ishlashimizga to‘g‘ri kelmaydi», — deya ta’kidladi u.

Abdulla Azizov dam olish kunlari ham ishlashini, lekin bu haqida afsuslanmasligini tan oldi.

«Boshida men nega Daniya kam ishlashsa ham, samarasi ko‘proq bo‘lishini, bu yerda kechalari bilan ishlansa ham hech narsa bo‘lmasligini tushunishga harakat qilardim. Albatta, nimadir bo‘lyapti. O‘shanda men biz hali kerakli darajada emasligimizni tushundim. Chunki bizda tizim rahbar bo‘lmasa ham ishlaydigan sifatida yo‘lga qo‘yilmagan. Men doim shunday tizimni qurishga harakat qilaman, chunki har qanday jarayon odamga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. O‘shanda bizda ham yaxshi rivojlanish bo‘ladi», — deb hisoblaydi u.

Vazir o‘rinbosarining fikricha, tizim o‘z yo‘li bilan ketishi va barqaror ishlashi uchun 5 atrofida vaqt kerak bo‘ladi.

«Daniyada doim „Odamni avtobus urib ketsa nima bo‘ladi?“ deymiz. Shuning uchun tizimni shunday yo‘lga qo‘yganmizki, birovning o‘rnini boshqa kishi egallay olsin. Bizda esa bunday emas. Ko‘pincha bir odamning o‘rniga boshqa kishini topib bo‘lmaydi. Turli xil loyihalarni boshlaganimizda ham, men doim bu mavzuni ko‘taraman: „Bizda „zamena“ bo‘lishi kerak. Agar odam ketsa, uning o‘rniga kimdir ishlashi kerak“. Afsuski, biz bu haqida hozircha kam o‘ylaymiz», — deydi SSV rahbari o‘rinbosari.

O‘zbekiston davlat idoralarida ish vaqtidan keyin ham qolib ishlash va dam olish kunlarini ishxonada o‘tkazish muammosi o‘nlab yillardan buyon mavjud. Davlat xizmatchilariga to‘laqonli dam olish imkoniyatini yaratish haqida birinchi marotaba 2018 yilning avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev gapirgan edi.

2019 yil 9 dekabr kuni davlat rahbari imzo qo‘ygan qaror bilan «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, davlat idoralarida majlislar soni kamaytirilishi, ularni bayram va dam olish kunlarida o‘tkazishga taqiq qo‘yish, shuningdek ishchilarga xos bo‘lmagan vazifalarni yuklashga taqiq qo‘yilishi kerak edi.

2020 yil fevralidagi hukumat topshirig‘iga ko‘ra, davlat organlari mehnat qonunchiligi va xodimlarning mehnat huquqlariga rioya qilishlari shart. Davlat organlariga xodimlarni ish vaqti tugaganidan keyin va dam olish kunlari ishga jalb qilish taqiqlangan edi. Lekin bir qancha vaqtdan so‘ng davlat xizmatchilarini dam olish kunlari ishga jalb qilish tajribasi davom etdi.