Fermerlar maktabi tashkil qilinishidan asosiy maqsad — tinglovchilarga (yiliga o‘rtacha 1000 ta) qishloq xo‘jaligi va biznesni yuritish bo‘yicha yangi bilimlar berish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish va malakali yosh fermerlarni tayyorlash.

Loyihani amalga oshirishda Turkiya Ziraat bankining Yosh fermerlar akademiyasi hamda Rossiya «Rosselxozbank"ining Fermerlar maktabi amaliyotlaridan foydalanildi.

O‘qishga qabul qilish jarayoni sayt va Telegram-bot orqali amalga oshirildi.

Birinchi bosqichda 1745 ta yoshlar ariza topshirdi, bir o‘ringa o‘rtacha 11 ta talabgor to‘g‘ri keldi. Ilmiy xodimlardan iborat komissiya tomonidan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra, 18−35 yoshdagi 150 ta tinglovchi o‘quv kursiga qabul qilinib, joriy yilning 1 iyunidan o‘qish boshlandi.

Fermerlar maktabi beshta hududda, Toshkent davlat Agrar universiteti hamda uning Nukus, Samarqand va Termiz filiallari, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti o‘quv korpuslarida tashkil etildi. Tinglovchilar O‘zbekistonning turli hududlarida jalb etildi:

  • Toshkentda — Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari;
  • Nukusda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati;
  • Samarqandda — Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlari;
  • Termizda — Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari;
  • Andijonda — Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari.

O‘qish muddati ikki oy bo‘lib, besh hafta nazariy ta’lim, ikki hafta amaliyot, bir hafta biznes reja tayyorlash va uni himoya qilishni nazarda tutadi.

Amaliy darslar tajriba uchastkalari va yirik qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘tiladi.

Maktablarda chorvachilik, parrandachilik, sabzavot va polizchilik, issiqxona xo‘jaligi hamda biznes, moliya va huquqiy savodxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha darslar berilmoqda.

O‘quv jarayonini zamonaviy xorij standartlari asosida tashkil qilish, o‘quv-metodik dasturlarini ishlab chiqish uchun xorijda (Buyuk Britaniyada) akademik ta’lim bo‘yicha PhD darajasiga ega mutaxassislar guruhi jalb etildi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha tinglovchilar uchun qo‘llanmalar (handbook) tayyorlanib, ta’limning nazariy va amaliy jarayonlari hamda baholash mezonlari to‘liq yoritib berildi.

Darslarga o‘z sohasida yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega mutaxassislar, yetakchi tadbirkorlar o‘qituvchi sifatida jalb qilindi.

Jumladan, xorijiy, mahalliy va amaliy tajribasini inobatga olgan holda 37 nafar o‘qituvchilar tanlov asosida jalb etildi. Ilmiy mutaxassislar tarkibi sakkizta fan doktori, uchta professor, 11 ta fan nomzodi va 12 ta dotsentdan iborat. Shu jumladan:

  • «Chorvachilik» yo‘nalishida — Germaniya Magdeburg universitetida ta’lim olgan va PhD darajasiga ega A. Qurbonov;
  • «Sabzavotchilik va polizchilik» yo‘nalishida — Janubiy Koreyaning Kyungpuk universitetida ta’lim olgan va PhD darajasiga ega A. Shamsiyev;
  • «Biznes» yo‘nalishida — Polshadagi Varshava amaliy fanlar universiteti va Yaponiyadagi Tokio Qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universitetida ta’lim olgan S. Mamasoliyev va Xitoydagi Hunan universitetida ta’lim olgan N. Nurmatovlar jalb qilindi.

O‘qitish jarayoni so‘nggi jahon amaliyoti bo‘yicha kredit-modul shaklida tashkil etilib, har bir modul yakunida tinglovchilar o‘z kredit ballarini yig‘ib boradi.

Bank tomonidan o‘qituvchi va tinglovchilar uchun maxcus shaffof o‘quv platformasi yaratildi. Platforma orqali o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va adabiyotlar elektron shaklda taqdim qilib boriladi hamda o‘qituvchilarning pedagogik mahorati tinglovchilar tomonidan baholanadi.

Bitiruvchilar o‘qish davomida olgan bilimlari asosida o‘z biznes rejalarini ishlab chiqadi va o‘quv kursi yakunida bitiruvchilarga maxsus sertifikatlar beriladi. Ushbu sertifikatlar asosida bitiruvchilarga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Fermerlar maktabini tashkil qilish hamda o‘qitish bilan bog‘liq barcha xarajatlar «Agrobank» tomonidan qoplanmoqda.

Tinglovchilarga nafaqat sifatli bilim berish, balki ularning dunyoqarashini kengaytirish, o‘qish va yashash sharoitini yuqori standartlar asosida tashkil qilishga katta ahamiyat qaratildi.

Fermerlar maktabi uchun alohida logotip, brend konsepsiyasi ishlab chiqildi, o‘quv xonalari zamonaviy standart va talablar asosida ta’mirlandi. Tinglovchilar yagona shakldagi maxsus kiyimlar (forma) bilan bepul ta’minlandi.

Har bir hududdagi o‘quv xonalari so‘nggi rusumdagi kompyuter, printerlar, televizor va interaktiv panel hamda internet bilan jihozlandi.

Reklama huquqlari asosida.