2020 yilda O‘zbekiston CAF (Charities Aid Foundation) xayriya yordam jamg‘armasi taqdim etgan xayriya indeksiga ko‘ra (World Giving Index) jahon reytingida 114 mamlakat orasida 2018 yildagi 53 o‘rindan 29-o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda Progozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakat reytingi uchta yo‘nalishdagi o‘rtacha qiymat ko‘rsatkichlariga bog‘liq:

  • xayriya tashkilotlariga tushgan mablag‘lar;
  • aholining muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatish;
  • ko‘ngilli sifatida ko‘mak berish.

O‘zbekiston 2020 yilda xayriya tashkilotlariga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha 18-o‘rinni (46%), muhtojlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri saxovat yordami ko‘rsatgan odamlar soni bo‘yicha 58-o‘rinni (57% fuqaro), ko‘ngilli sifatida ko‘mak berish bo‘yicha 62-o‘rinni (16%) egalladi.

Indoneziya 2020 yilgi jahon reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Keniya ikkinchi, Nigeriya uchinchi o‘rinda qayd etildi. Mutaxassislar ushbu mamlakatlarda xayriya yordamining ko‘payishini kambag‘al aholi qatlamlarining ahvoli yomonlashayotgani, shuningdek, fuqarolik jamiyati va ko‘ngillilar harakati faollashgani bilan izohlashmoqda.

Pandemiya davrida odatda har doim birinchi o‘ntalikka kirgan mamlakatlar (AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Kanada, Niderlandiya) o‘rniga, ilgari hech qachon yuqori pozitsiyani egallamagan mamlakatlar birinchi o‘ntalikdan o‘rin egalladi.

Quyi o‘rinlarni shuningdek Fransiya (106-o‘rin), Qozog‘iston (98-o‘rin), Turkiya (78-o‘rin), Germaniya (85-o‘rin) va Rossiya (67-o‘rin) egalladi.

«Xususiy xayriya yordami ko‘rsatish va ko‘ngillilik faoliyati har bir xalqning madaniyati, xayr-saxovat bilan bog‘liq qadriyatlari, dini, tarixi va xalqning urf-odatlaridan kelib chiqadi. Fuqarolarning xayriya ishlarida ishtirok etish darajasi fuqarolik jamiyati rivojlanganligidan va odamlar ijtimoiy muammolarni hal qilishga o‘z hissasini qo‘shishga qanchalik tayyor ekanliklaridan dalolat beradi», — deyiladi xabarda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra «baxtli» mamlakatlar fuqarolari «boy» davlatlarnikidan ko‘ra ko‘proq xayriya qilishadi. Aholining o‘z hayotidan qoniqish darajasi va xayr-ehson qilishga moyilligi o‘rtasidagi bog‘liqlik mamlakatning moddiy farovonligi (YAIM) o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikdan statistik jihatdan ustunligi aniqlandi.

Tadqiqotlarda ishonarli demografik tendensiya aniqlandi. Unga ko‘ra, umuman olganda, odam yoshi kattaroq bo‘lsa, u ko‘proq o‘z mablag‘larini xayriya uchun sarflashga moyil bo‘ladi (lekin ba’zi rivojlanayotgan mamlakatlarda teskari tendensiya hukm surmoqda).

World Giving Index (jahon xayriya indeksi). Charitiz Eyd Faundeyshnning ushbu tadqiqoti xayriya yordam jamg‘armasi (CAF) tomonidan 2009 yildan buyon 15 yosh va undan katta yoshdagi aholi o‘rtasida tasodifiy tanlov asosidagi so‘rovnoma tarzida o‘tkazib kelinmoqda (kamida 1000 ta so‘rovnoma). Ba’zi yirik mamlakatlarda, masalan, Xitoy va Rossiyada so‘rovnoma qamrovi 2000 kishini tashkil etadi.

So‘rovnomalarda mamlakatning moddiy farovonlik darajasi, hayot sifatidan qoniqishi va fuqarolarning xayriya yordamiga moyilligi o‘rtasidagi bog‘liqliklar hisobga olingan; shuning uchun xayriya faoliyati modeli har bir mamlakatning o‘ziga xosdir. Masalan, ayrim mamlakatlarda odamlar xayriya tashkilotlariga oz mablag‘ ajratishadi, ammo ular doimiy ravishda muhtojlarga bevosita yordam ko‘rsatishadi.