Gaiti prezidenti Jovenel Moiz o‘z uyida o‘ldirildi

Qotillar prezidentning Port-o-Prensdagi qarorgohiga bostirib kirib, u va uning rafiqasi Martina Moizga qarata o‘q uzishdi. «Bugun, 7 iyul kuni, tungi soat 1 da ispan va ingliz tillarida gaplashuvchi bir guruh noma’lum shaxslar respublika prezidentiga suiqasd uyushtirishdi. Prezident olgan jarohatlaridan vafot etdi», — dedi bosh vazir vazifasini bajaruvchi Klod Jozef. Jarohatlangan Martina Moiz avval kasalxonaga yotqizildi, keyinchalik u yerda vafot etdi, deya xabar berdi RIA Novosti mahalliy OAVga tayanib. Keyinroq, RIA Novosti «prezident rafiqasi kasalxonada va uning ahvoli og‘ir ekanligini» ma’lum qildi. (2021 yil 7 iyul, 22:24 da to‘ldirildi).

53 yoshli Jovenel Moiz 2017 yil fevralidan beri mamlakat prezidenti sifatida ishlab kelgan. O‘tgan yilning fevral oyida Gaitida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar prezident iste’fosini talab qilishib, uni inflyatsiya o‘sishi, amaldorlar orasidagi korrupsiya darajasi va iqtisodiyotning yomonlashuvida ayblashdi. — Gazeta.uz

Prezidentning o‘limidan so‘ng, Gaitining Tussen-Luvertyur nomidagi halqaro aeroporti yopildi, mamlakatda esa harbiy holat joriy qilindi. Dominikan prezidenti Gaiti bilan chegarani yopishni buyurdi. AQSh mamlakatdagi elchixonasining faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.


Turkmanistonda 18 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolarga majburiy emlash joriy etildi

Vaksinalarning har qanday tarkibiy qismlariga allergik reaksiyaga ega bo‘lgan shaxslar, emizikli va homilador ayollar, 18 yoshgacha bo‘lganlar, shuningdek, yuqori isitmasi bor, o‘tkir va surunkali kasalliklarga duch kelgan fuqarolar emlashdan ozod qilinadi.

Undan oldin, bir necha oy davomida, Turkmanistonda xavf guruhida bo‘lgan odamlar va qariyalar koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda Rossiyaning «Sputnik V» va Xitoy vaksinalaridan foylanilgan. — Gazeta.uz

Kecha Tojikistonda ham voyaga yetgan fuqarolarga majburiy emlash joriy etildi.


Litva Belarus bilan chegara hududida muhojirlarni ushlab turish maqsadida devor barpo etadi

«Biz Litva va Belarusni ajratib turadigan qo‘shimcha jismoniy to‘siqni qurishni boshlaymiz va bu noqonuniy migrantlar oqimini uyushtiruvchilar uchun aniq belgi va ma’lum bir to‘siq bo‘ladi», — dedi mamlakat bosh vaziri Ingrida Shimonite. Litvada Shengen hududining 1070 km tashqi chegaralari mavjud bo‘lib, ular Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralariga to‘g‘ri keladi. 2018 yilda Litva Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad viloyati bilan chegaraning quruqlik qismida ikki metr balandlikdagi sim devor barpo etgan. Keyingi rejalarda Belarus bilan chegara hududi bor edi, ammo hozirga qadar bu amalga oshirilmadi. Ushbu chegaraning 40 foiziga yaqini, bosh vazir aytganidek, «jismoniy to‘siq bilan jihozlanmagan».

Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon Litvaga Belarus hududi orqali, asosan Osiyo mamlakatlaridan kirib kelgan 1,4 mingdan ortiq noqonuniy muhojirlar hibsga olindi. Bu butun 2020 yilga nisbatan 17,5 barobar ko‘p. 2 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi migratsiya inqirozi munosabati bilan mamlakatda favqulodda vaziyat e’lon qildi. — TASS.

Shuningdek: AQShda Belarusga aviachiptalar sotish bo‘yicha taqiq kuchga kirdi. Taqiq, shuningdek, ushbu yo‘nalish bo‘ylab boshqa aviakompaniyalarning samolyotlariga o‘tkaziladigan parvozlarga ham tegishli.


Rossiya ittifoqchilarni himoya qilish uchun Tojikistondagi harbiy bazadan foydalanishga tayyor — Rossiya TIV

«Biz Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz, u yerda vaziyat yomonlashib ketmoqda, jumladan Amerika va NATO qo‘shinlarining shoshilinch chiqib ketishi bunga sabab bo‘lgan», — dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Laos poytaxtida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. Uning ta’kidlashicha, AQSh va NATO Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida aniq natijalarga erisha olmagan. Vazir Rossiyaning KXSHT doirasidagi majburiyatlari «to‘liq kuchda qolishini» ta’kidladi. Shuningdek, tashkilot kotibiyati vakillari «tojik-afg‘on chegarasiga tashrif buyurib, vaziyatni baholab, KXSHT doimiy kengashiga hisobot berishini» esladi. «Biz ittifoqchilarimizga qarshi har qanday tajovuzkor qadamlarning oldini olish uchun hamma narsani qilamiz, shu jumladan Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasidagi harbiy bazamiz imkoniyatlaridan foydalanamiz», — dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri. — Interfaks.

Shuningdek: Germaniyaning Bosh konsulligi Mozori Sharifda (Balx viloyati) faoliyatini to‘xtatdi. Mozori-Sharif harbiy lagerida joylashgan Germaniya askarlari o‘tgan hafta mamlakatni tark etishdi. O‘tgan yili mamlakatning Afg‘onistondagi kontingenti mingga yaqin harbiy xizmatchilarni, asosan harbiy instruktorlarni tashkil etgan. Aytilishicha, Germaniya 2001 yildan 2020 yilgacha «Resolute Support» operatsiyasiga 12 mlrd yevro sarfladi.


Latviyada COVID-sertifikatisiz odamlarni ishdan bo‘shatishga ruxsat berildi

Latviyada ish beruvchilar 15 sentabrgacha koronavirusga chalinib tuzalgani yoki emlash to‘g‘risida COVID-sertifikatisiz xodimlarni ishdan bo‘shatish, chetlatish yoki boshqa lavozimlarga o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ladi. Sertifikat davlat va munitsipal muassasalarda xizmat ko‘rsatayotgan, tashkilot yoki korxonaning doimiy ishlarida qatnashayotgan xodimlardan talab qilinadi. Vazirlar Mahkamasi 6 iyul kuni tibbiyot, ijtimoiy, ta’lim va boshqa muassasalarda majburiy emlashni joriy etishga qaror qildi. — Leta.


Shuningdek:

  • «Ever Given» konteyner kemasi uch oydan so‘ng Suvaysh kanalini tark etdi. Kema egasi kanal ma’muriyatiga tovon puli (550 mln dollar) bilan bir qatorda, buksir kemasini ham topshirdi.

Foto: Mahmoud El-khawas / Getty Images