Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan 2021 yil 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjat bilan, 2021 yil 1 oktyabrgacha korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi asosida tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlikda qatnashishi huquqiy oqibatlarini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Xuddi shu sanadan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 avgystdan davlat xaridlari sohasidagi tenderlar natijalari ochiq e’lon qilinadi. Davlat xaridlarida hamkorlar (kontragentlar)ni tekshirish tartibi ishlab chiqiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil 1 dekabrdan har yil yakuni bo‘yicha korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting e’lon qilib boriladi.

2021 yil 1 dekabrgacha daromad va mol-mulk deklaratsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Shuningdek, mazkur qaror asosida 1 oktyabrgacha davlat mablag‘lari hisobiga qurilish-pudrat shartnomasi uchun o‘tkaziladigan tanlovlar «Shaffof qurilish» tizimi ma’lumot almashinuvini ta’minlagan holda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida elektron tarzda amalga oshiriladi.

2022 yil 1 yanvargacha avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan «SHAFFOF YO‛L» onlayn axborot platformasi ishga tushiriladi.

Ushbu sanadan boshlab «halollik vaksinasi» tamoyili asosida davlat xizmatchilari muntazam korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitiladi.