Samarqand viloyatidagi «Sazagan» dala-o‘quv maydonida Rossiya Federatsiyasi harbiy mutaxassislari bilan hamkorlikdagi o‘zaro tajriba almashish maqsadida o‘tkazilayotgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari boshlandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda yangi usul va uslublar yuzasidan o‘zaro tajribalar almashishadi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari tomonidan «BTR-82» jangovar texnikasining mo‘ljalga oluvchi operator va mexanik haydovchilarini tayyorlash, «AGS-17» va «RPG-7» granatomyoti hisobi mutaxassisligi, o‘qchi, mergan hamda artilleriya mutaxassisliklari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari olib boriladi.

Tayyorgarlik mashg‘ulotlari 14 kun davom etadi. Harbiy xizmatchilar o‘zlarining egallagan bilim va ko‘nikmalarini kunduzgi va tungi sharoitlarda amaliy mashg‘ulotlar asosida olib borishadi.

Foto

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati