Toshkent viloyatida 80 sotix yerni 450 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi.

Ma’lum qilinishicha, 1 iyul kuni IIVga N.M. ariza bilan murojaat qilib, unda «Sanjar» ismli shaxs yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chorbog‘ qo‘rg‘oni, «Bochka» suv bo‘yicha turistik va boshqa dam olish maskani qurish uchun mo‘ljallangan 80 sotix bo‘sh yer maydonini kadastr hujjatlarini tayyorlab, 450 ming AQSh dollariga sotishini ma’lum qilgan. Shuningdek, bo‘nak sifatida 20 ming AQSh dollarini berishini talab qilayotganligini aytib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.


Mazkur arizaga asosan, IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, Sh. S. Bo‘stonliq tumani, Ugam olma bog‘i ko‘chasi 82-uyda joylashgan dala hovlida ariza muallifidan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Bo‘stonliq tumani bo‘limi tomonidan fuqaro Sh. S.ga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Fuqaro Sh. S. JPKning 224-moddasi (Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turish tartibi) tartibida ushlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.