Xitoy birinchi asr maqsadiga erishdi va o‘rtacha farovonlik jamiyatini barpo etdi — Si Szinpin

XXR mutlaq qashshoqlikni yo‘q qilish va o‘rtacha farovonlik jamiyatini barpo etish bo‘yicha birinchi asr maqsadiga muvaffaqiyatli erishdi. Bu haqda XKP Markaziy Qo‘mitasi bosh kotibi, Xitoy Xalq Respublikasi raisi SSi Szinpin 1 iyul kuni Xitoy kommunistik partiyasining (XKP) 100 yilligi sharafiga bo‘lib o‘tgan marosimda aytib o‘tdi. «Va endi biz asrning ikkinchi maqsadimiz — Xitoyni har tomonlama buyuk, zamonaviy sotsialistik davlatga aylantirishga erishish yo‘lida ishonchli qadamlar tashlamoqdamiz», — dedi XXR rahbari. — TASS.

XKP inqilobiy harakatning kuchayishi davrida marksizm-leninizm g‘oyalari asosida tashkil etilgan; uning birinchi qurultoyi 1921 yil 23 iyuldan 5 avgustgacha noqonuniy ravishda o‘tkazilgan. O‘shanda delegatlar partiyaga rasmiy nomini berib, uning birinchi dasturini qabul qilganlar.

Avvalroq Xitoy rahbari Si Szinpin mamlakatda qashshoqlik to‘liq bartaraf etilganini e’lon qilgan edi. Hukumat so‘nggi 8 yil ichida buning uchun jami 246 mlrd dollar sarflab, deyarli 100 mln aholini qashshoqlik darajasidan olib chiqdi.


Vashington va Oregon shtatlarida 80 ga yaqin kishi issiqlik tufayli vafot etdi

Ta’kidlanishicha, mamlakatda issiqlikdan o‘lganlarning umumiy soni hali aniq emas, badan qizib ketishi natijasida kasalxonaga yotqizilganlar soni yuzlab sanalmoqda. Birgina Oregon shtatida anomal issiqlik oqibatida 63 kishi vafot etgan. Shtat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi issiqlik bilan bog‘liq 506 ta qo‘ng‘iroqni qayd etganini ma’lum qildi, ulardan 251 tasi dushanba kuniga kelgan. Vashington Tibbiyot departamentining xabar berishicha, havo harorati keskin ko‘tarilgani tufayli o‘zlarini yomon his qilayotgan odamlarga 1648 ta tez yordam xizmati ko‘rsatilgan. 358 holatda odamlar kasalxonaga yotqizildi. Qo‘ng‘iroqlarning eng ko‘pi (698), shuningdek, dushanba kuni qayd etilgan. — The Wall Street Journal.

Shuningdek: Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida so‘nggi besh kun ichida 500 ga yaqin o‘lim holatlari qayd etildi. Aksariyat hollarda odamlar anomal issiq ob-havo tufayli vafot etgani aytilmoqda.


Gruziyada COVID-19 tufayli noyabr oyida joriy etilgan komendantlik soati bekor qilindi

Fuqarolarning tunda harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida qaror COVID-19 ga qarshi kurashish doirasida tuzilgan idoralararo muvofiqlashtirish kengashi tomonidan qabul qilindi. Pandemiya boshlanganidan beri Gruziyada 366 078 ta yuqtirish holati qayd etildi, jami 5316 kishi vafot etdi. — Interfaks.


Isroilda COVID-19 holatlari bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi

So‘nggi 24 soat ichida Isroilda COVID-19 bilan kasallinish bo‘yicha rekord qayd etildi — 307 ta yangi holat. Bu aprel oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Shunday qilib, hozirgi paytdagi umumiy holatlar soni 1990 taga yaqinlashmoqda. Ular orasida 29 kishi og‘ir kasal bo‘lib, ulardan 17 nafari sun’iy nafas olish uskunasiga ulangan. Emlash tez sur’atlarda davom etayotganiga qaramay, kelasi hafta Sog‘liqni saqlash vazirligi kuniga 500−600 ta yangi holatlar aniqlanishini taxmin qilmoqda. — The Times of Israel.

25 iyundan buyon COVID-19 bilan kasallanganlar soni o‘sayotgani munosabati bilan Isroil yopiq joylarda niqob taqish rejimini joriy etdi. 15 iyun kuni niqob taqish rejimi bekor qilingan edi.


Belarusda Germaniyaning Gyote instituti faoliyati to‘xtatildi

Belaurs hukumati Gyote instituti va Germaniya akademik almashish xizmatidan mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatishni talab qildi, deya xabar bermoqda Germaniya TIV. «Biz Belarus tomonining Gyote instituti va Germaniya akademik almashish xizmati (DAAD)ning Belarusdagi barcha faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroridan afsusdamiz. Ushbu qadam Belarusning xalqaro miqyosda izolyatsiya qilinishiga sabab bo‘ladi», — deb yozilgan bayonotda. Ushbu qarordan jabr ko‘rgan «Belarus fuqarolari bo‘lib, ular ijtimoiy va madaniy faoliyat yuritish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi», deya qayd etmoqda Germaniya TIV. — Germaniya TIV.

Shuningdek: Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Belaurs va Rossiyaning Ittifoq davlati doirasida rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda uzoq muddatli integratsiya strategiyasini tayyorlashni taklif qildi. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sanoat integratsiyasini rivojlantirishdir.


2020 yilda dunyodagi millionerlarning umumiy boyligi 79,6 trln dollarga yetdi

2020 yilda dunyodagi barcha dollarlik millionerlarning umumiy boylik qiymati 7,6 foizga o‘sib, 79,6 trlnni tashkil etdi. Bu haqda World Wealth Report hisobotida aytilmoqda. Boy odamlar soni 6,3 foizga o‘sib, 20,8 mln kishini tashkil qildi. Ta’kidlanishicha, boylikning ko‘payishiga o‘tgan yili qimmatli qog‘ozlar bozoridagi sezilarli o‘sish sabab bo‘lgan.

Mintaqalar bo‘yicha o‘zgarish sur’atlari:


Mintaqa
Boy odamlar sonining o‘sishi, foizda
Boy odamlar soni, mln kishi
Umumiy boylik qiymatining o‘sishi, foizda
Umumiy boylik qiymati, trln dollar
1
Shimoliy Amerika
10,7
7
11,9
24,3
2
Osiyo-Tinch okeani
5,8
6,9
8,4
24
3
Yevropa
2,8
5,4
4,5
17,5
4
Afrika
2,7
0,2
3,8
1,7
5
Yaqin sharq
6,8
0,8
10,7
3,2
6
Janubiy Amerika
-4
0,6
0,5
8,8

Davlatlar orasida o‘tgan yili boy odamlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni AQSh (6,6 mln, +11,3%), keyin esa Yaponiya (3,5 mln, +6,2%), Germaniya (1,5 mln, +6,9%) va Xitoy (1,46 mln, +11%) egallagan.

World Wealth Report dunyoning yalpi milliy daromadining 98 foizdan ortig‘i va jahon fond bozorlari qiymatining 99 foizini tashkil etuvchi 71 mamlakat ma’lumotlaridan foydalanadi. — Interfaks.