Qashqadaryo viloyatida karantin bo‘yicha tartib va cheklovlarga qo‘shimchalar kiritildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov.

Ma’lum qilinishicha, 28 iyunidan viloyat hududida ko‘ngilochar obyektlar — restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obyektlari — kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 22:00 gacha ruxsat beriladi.

Yangi kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:

  • ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalarning umumiy sig‘imining 50 foizidan qat’iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish;
  • supermarket va boshqa yirik do‘konlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, dezinfeksion “to‘shaklar” va antiseptik vositalari bilan jihozlash, ularga kirishda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37S va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lishini ta’minlash;
  • barcha bozorlar — dehqon va buyum bozorlari, pishirilgan taomlar bilan savdo qiluvchi bozorlar, kunlik bozorlar, qurilish mollari bilan savdo qiluvchi bozorlar, avtomobil va ulgurji bozorlar haftaning bir kunini sanitar-tozalash uchun yopishni shaxsan nazoratga olish;
  • kunlik va juma namozlarini faqat masjidning ochiq havodagi maydonlarida (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi, masjidga tutash ichki ko‘chalar) tibbiy niqobda bo‘lish va oraliq masofani saqlagan holda tashkil etiladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar va ushbu infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarga Qarshi shahridagi “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ balansidagi “Geolog” sport majmuasida tashkil etilgan COVID-19 taqsimlash markazi faoliyati qayta tiklanadi.

Avvalroq, 28 iyundan boshlab barcha umumiy ovqatlanish obyektlari va ko‘ngilochar obyektlarning ish vaqti soat 8:00dan 20:00gacha qilib belgilanishi haqida xabar berilgan edi. Keyinroq Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ko‘ngilochar obyektlarning ish vaqtini 22:00gacha uzaytirishni taklif qilgan edi.