25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi bo‘yida tiklangan maxsus ayvonda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari bilan uchrashdi.

Davlat rahbari Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan mahallalar obodonchiligi bo‘yicha sustkashlik sababi va buning yechimlari to‘g‘risida hisobot so‘radi.

«To‘g‘risini aytsam, biz sizning talablaringiz ortidan ulgurmay qolyapmiz. Hozir siz bizga har qancha zarur mablag‘ni ajratib beryapsiz. Lekin muhtaram prezident, ishonchingizni albatta oqlaymiz. Shu yilning 1 oktyabrgacha 531 ta mahalladagi barcha masalalarni hal qilamiz. Uylarning tomini ham, suv ta’minotini ham qilamiz. Loyihalarimiz ko‘lami juda katta», — deya Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz nashri.

Shahar hokimining ta’kidlashicha, ishsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha dasturlar bosh vazir nazoratida turibdi. Qurilishlarga viloyatlardan kelgan insonlarni ham rasmiy ish bilan ta’minlanadi.

«Sizga qiziq tendensiya to‘g‘risida aytmoqchiman: viloyatlarda aholiga 10−20 sotixdan yer berish to‘g‘risida qaror qabul qilganingizdan keyin Toshkent shahrida ishlab turgan juda ko‘p ishchilar „Men prezident bergan yerdan olib ishlashim kerak“ deb uylariga qaytib ketdilar», dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Bunga javoban davlat rahbari shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik, sifatga e’tibor berish zarurligini ta’kidladi.

«(ishni) 1 oktyabrgacha bitkazishimiz kerak ekan, deb shoshilmanglar. Men unday talabni qo‘yganim yo‘q. Mayli, 1 noyabr yoki dekabr bo‘lsin. Muhimi ishlarni sifatli bajaringlar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, asfalt bir yilga bormay ko‘chib ketmasligi, tomdan suv o‘tmasligi kerak.

«Prezident ajratib berayotgan bo‘lsa ham xalqning puli bu. Muhimi, bajarilgan ishlarimizdan mahallalarimizdagi odamlar rozi bo‘lishsin. Men mahalla raislarining maoshlari masalasiga hali qaytaman. Hali mahalla yig‘ini obro‘sini yanada ko‘taramiz, kelajakda oliygohlarga mahalladan tavsiya bo‘yicha qabul qilamiz», — deydi prezident.

«O‘zbekiston 24» telekanalining xabar berishicha, «Obod mahalla» dasturi doirasida 937 km uzunlikdagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini, gaz yoki elektr tarmoqlarini, shuningdek, Toshkent shahrida 545 km ichki yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar yonida piyodalar yo‘laklarini betonlashtirish, bolalar maydonchalari va sport maydonchalari, kutubxonalar qurish va ta’mirlash, eski liftlarni yangilash, issiqlik ta’minotini yaxshilash rejalashtirilgan.

Mart oyida prezident 2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 31,5 trln so‘m, ya’ni 3 mlrd 50 mln dollar ajratilishini ma’lum qilgan edi. Keyinroq Bosh prokuratura tomonidan dasturlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish uchun esa maxsus telegram bot ishlab chiqildi.

Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasini namuna qilib olib, Toshkent shahridagi barcha 524 ta mahallani shunday obod qilish bo‘yicha topshiriq berdi.