Enter Engineering kompaniyasi va «Uralmashzavod» (UZTM-KARTEKS guruhi tarkibida «Gazprombanka» sanoat guruhiga kiradi) konsorsium shaklida O‘zbekistonda boyituvchi kombinat qurishadi, deya xabar bermoqda Rossiya kompaniyasining matbuot xizmati.

23 iyun kuni kompaniyalar vakillari O‘zbekistondagi eng katta katod misi ishlab chiqaruvchisi Olmaliq kon-boyituvchi kombinati (OKMK) bilan tegishli kelishuvga erishdi.

Olmaliqdagi mis-boyitish kombinati majmuasini (mis boyitish fabrikasi-3 (MBF)) loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish uchun EPC-kontrakt konsorsium nomidan Enter Engineering muxtor vakili Alfonso Samonte Tengko va UZTM-KARTEKS guruhi bosh direktori Yan Senter imzolashdi. OKMK tomonidan «Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish» investitsion loyihasini amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisining direktori Bahodirjon Sidiqov imzo chekdi.

Shartnomaning umumiy qiymati 2 mlrd dollarga baholanmoqda, loyihani amalga oshirish muddati 2023 yilgacha. Hujjatga ko‘ra, Olmaliq KMKdagi fabrika to‘liq qurib beriladi: Enter Engineering obyektni loyihalashtirish va qurish bo‘yicha ishlarni amalga oshirsa, «Uralmashzavod» obyektni texnologik qurilmalarning to‘liq majmuasi bilan ta’minlaydi.

Yiliga 60 mln tonna quvvatga ega bo‘ladigan MBF-3 uchun «Uralmashzavod» 100dan ortiq texnika, shu jumladan katta hajmdagi tegirmonlar, o‘rta hajmda maydalaydigan konusli maydalovchilar, press-valkalar, turli tipdagi murvatlar va boshqa qurilmalarni ishlab chiqadi.

Hozirda OKMK «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirmoqda. Xabarda aytilishicha, ushbu kondan ruda qazib olish ishlari boshlanganda va keyinchalik u amaldagi «Qalmoqqir» kareri bilan birlashtirilgandan keyin kon dunyodagi eng yiriklaridan biri bo‘ladi.

Bahodirjon Sidiqovning tushuntirishcha, ushbu shartnomani bajarish uchun konsorsium tanlanganining sababi uning raqobatbardoshligida, fabrikaning ekspluatatsiyaga kiritilishidagi muddatlarda va shartnomaning umumiy summasiga moliyalashtirishni jalb qilish shartlarida. Takliflarni baholash jarayonida konsorsiumning mahalliy ishchi kuchlarini jalb qilish hamda OKMKning Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida ishlatiladigan qurilma uchun ehtiyot qismlari va materiallarni ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish imkoniyatlariga ham e’tibor qaratilgan.

Boyituvchi fabrikaning qurilishi — Enter Engineering va UZTM-KARTEKS (Uralmashzavod va IZ-KARTEKSni birlashtiradi) kompaniyalarining birinchi qo‘shma loyihasi. Kelgusida kompaniyalar ushbu tuzilma doirasida Markaziy Osiyo va Rossiya hududida boshqa obyektlarni ham qurishda ishtirok etishni rejalashtirishmoqda.

Kombinatni aslida kim qurishi kerak edi?

2020 yil may oyida imzolangan prezident qaroriga ko‘ra, 2020−2025 yillarda «Yoshlik-I» konida OKMKning ochiq kareri, shuningdek yiliga 60 mln tonn rudani qayta ishlash quvvatiga ega yangi mis boyitish fabrikasini (MBF) qurish rejalashtirilgan edi.

O‘shanda mis boyitish fabrikasini qurishga Rossiyaning Renaissance Heavy Industries (Turkiyaning Ronesans Holding kompaniyasi tuzilmasiga kiradi) kompaniyasini jalb qilish bo‘yicha OKMK taklifi hujjat bilan ma’qullangan edi. Kompaniya bilan 2020 yilning oxiriga qadar muhandislik ishlarini bajarish va loyihalashtirish hamda qurilmalarni yetkazib berish bo‘yicha ikkita shartnoma imzolanishi kutilayotgan edi.

Ammo fevral oyida SFI Management Group kompaniyasi kutilmaganda «O‘zmetkombinat», OKMK va «O‘zikkilamchiranglimetall» kompaniyalarining ishonchli boshqaruvi bo‘yicha bo‘yicha shartnomalarning bekor qilinganligi haqida xabar berdi. Bunga kompaniya «O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘ziga yuklangan vazifalarning aksariyati bajarilganligini» sabab qilib ko‘rsatgan edi. Shundan so‘ng SFI vakillari Qobul Shodiyev, Qahramon Mullajonov, Ulug‘bek Muhamedov va boshqalar kuzatuv kengashi tarkibidan chiqarib yuborilgan edi.

Mart oyida Renaissance Heavy Industries hamda SFI Management Group kompaniyalarini loyihadan chiqarib tashlagan prezident qarori imzolandi.