Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kungi brifing yakunida jurnalistlarning vaksinaga oid savollariga javob bera turib, prezident Administratsiyasi xodimlari qatorida o‘zi ham emlanganini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, prezident Administratsiyasi xodimlarini vaksinatsiya bilan qamrab olish jarayonlarida dastlab 65 yosh va undan yuqori yoshdagilar, surunkali kasalligi bor bo‘lgan xodimlar emlangan.

Respublika maxsus komissiyasining 25 fevraldagi qaroriga muvofiq, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishda xavf guruhiga OAV xodimlari va blogerlar ham kiritilgan va ular ham birinchilar qatorida emlanishi belgilangandi.

Shunga asosan, prezident matbuot xizmati xodimlari ham may-iyun oylarida emalana boshlangan.

«Shaxsan men, ikki hafta oldin, 7 iyun kuni ZF-UZ-VAC2001 (Xitoy-O‘zbekiston) vaksinasining birinchi komponenti bilan emlandim. Xabaringiz bor, bu vaksinani ishlab chiqarishda o‘zimizning olimlarni ham hissasi bor. Men shuni tanladim», — dedi davlat rahbarining matbuot kotibi.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda kasallanish holatlari 300 tadan 385 tagacha ortgani ta’kidlandi.

«Shu fursatdan foydalanib, hamkasblarimizdan, umuman, barchadan iltimos qilmoqchiman. Bilasiz, bu — juda ayyor kasallik. Oxirgi paytlarda karantin qoidalariga amal qilish susaygani, ko‘pchilik beparvo bo‘lib qolgani sababli kasallik yuqishi yana ko‘paya boshladi. Shuning uchun bunga e’tiborni hech susaytirmasdan, niqob taqish, antiseptik vositalardan foydalanish kabi qoidalarga qat’iy rioya qilishni davom ettirishimiz kerak. Shunda biz o‘zimizni, oilamizni, bir-birimizni asragan bo‘lamiz», — dedi Sherzod Asadov.

Vaksina bilan dastlab qamrab olinish lozim bo‘lgan xavf guruhiga kiruvchi aholi soni 4 mln 112 ming 868 nafarni tashkil etadi.

Buning uchun O‘zbekistonga jami — uch turdagi 5,4 mln vaksina (660 ming doza ikki komponentli AstraZeneca, 240 ming doza — «Sputnik V», 4,5 mln doza — uch komponentli «ZF-UZ-VAK 2001») keltirildi.