2027 yilda 15 G‘arbiy Afrika mamlakatining umumiy pul birligi paydo bo‘lishi mumkin

Bu haqda YeCOWAS tashkiloti komissiyasi rahbari Jan-Klod Kassi Bru ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, 2027 yilda YeCOWASning 15 mamlakati uchun yagona valyutani ishga tushirish bo‘yicha yangi yo‘l xaritasi qabul qilindi. Hozirgi vaqtda sakkiz G‘arbiy Afrika mamlakati umumiy pul birligi sifatida G‘arbiy Afrika franki, qolgan mamlakatlar esa o‘zining valyutasidan foydalanadi.

2019 yil dekabrda YeCOWASga a’zo davlatlar Fransiya bilan G‘arbiy Afrika franki valyuta zonasi mexanizmini o‘zgartirish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar. Shartnomaga ko‘ra, G‘arbiy Afrika franki eko (YeCOWAS qisqartmasining dastlabki uchta harfidan kelib chiqqan holda) deb o‘zgartirildi, ammo yevroga bog‘langan holda qoldi. Shu bilan birga, frank zonasiga kiruvchi mamlakatlarning valyuta zaxiralarining 50% Fransiya Markaziy banki hisobvarag‘ida saqlanish sharti bekor qilinadi. G‘arbiy Afrika moliya hamjamiyati raislari kengashida fransuz vakili ishtirok etish talabi ham bekor qilindi.

G‘arbiy Afrika franki pul birligi sifatida Fransiya hukumatining farmoni bilan 1945 yil dekabrda G‘arbiy va Ekvatorial Afrikadagi qaram yerlar hududida joriy qilingan edi. YeCOWASga Benin, Burkina-Faso, Gambiya, Gana, Gvineya, Gvineya-Bisau, Kot-d'Ivuar, Kabo-Verde, Liberiya, Mali, Niger, Nigeriya, Senegal, Togo, Serra-Leone davlatlari kiradi. — TASS.


Isroil tashqi ishlar vaziri rasman BAAga tashrif buyuradi

Isroil tashqi ishlar vazirining BAAga birinchi rasmiy tashrifi 29−30 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. «Keyingi hafta tashqi ishlar vaziri Yair Lapid Isroil tashqi ishlar vaziri sifatida Birlashgan Arab Amirliklariga birinchi rasmiy tashrifni amalga oshiradi. 29−30 iyun kunlari Lapid BAA tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri mehmoni sifatida BAAga ikki kunlik tashrif bilan boradi», — deya xabar bermoqda Isroil TIV matbuot xizmati. Tashqi ishlar vazirligi «Lapid Abu Dabida Isroil elchixonasini, shuningdek Dubayda Isroil Bosh konsulligini ochadi», deb qo‘shimcha qildi. — Isroil TIV.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil avgust oyida Isroil va BAA munosabatlarni yaxshilashga kelishib olishgan edi. Keyinchalik esa Vashingtonda, Oq uyda bo‘lib o‘tgan marosimda Isroil, BAA va Bahrayn davlatlari munosabatlarni tiklash bo‘yicha kelishuvlarni imzolashdi. Bu esa Isroil va arab davlatlari o‘rtasida 1994 yildan buyon amalga oshirilgan ilk kelishuvga aylandi. Keyinchalik oktyabr oyida Isroil va BAA o‘z fuqarolari uchun vizasiz sayohat tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib olishgan edi.


Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi to‘rtinchi sanksiyalar to‘plamini joriy etdi

Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel 86 nafar jismoniy va yuridik shaxslarni o‘z ichiga olgan Belarusga qarshi Yevropa Ittifoqining to‘rtinchi sanksiyalar to‘plami joriy etilganligini rasman tasdiqladi. «Bugun Yevropa Ittifoqi yangi cheklov choralarini qo‘llash orqali Belarus xalqiga kuchli qo‘llab-quvvatlash signalini yubordi», deb yozgan Mishel. «Bizning murojaatimiz tushunarli: barcha siyosiy mahbuslarni ozod qiling, keyingi repressiyalarni to‘xtating, keng qamrovli milliy muloqotni boshlang», deya qo‘shimcha qildi u. — Sharl Mishelning Twitter’dagi sahifasi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar vazirlari darajasidagi Kengashi Belarus iqtisodiyotining yettita tarmog‘iga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy etish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Ta’kidlanishicha, sanksiyalar tamaki mahsulotlaridan tortib, kaliy eksportiga qadar qamrab oladi.

Shuningdek, hamjamiyat Kengashi Qrimning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiritilgani munosabati bilan joriy etilgan «Qrim» sanksiyalarini yana bir yilga uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.


Shvetsiya parlamenti ilk bor bosh vazirga ishonchsizlik votumini bildirdi

Foto: EPA-EFE/OLIVIER HOSLET / POOL

Riksdag (Shvetsiya parlamenti) a’zolarining aksariyati bosh vazir Stefan Lyovenga ishonchsizlik votumini bildirdi. Bunga bosh vazirning yangi uylarda ko‘chmas mulk ijarasi uchun bozor narxlarini joriy etish taklifi sabab bo‘lgan. Ma’lumotlariga ko‘ra, 181 deputat ishonchsizlikni yoqlab ovoz bergan, 109 kishi qarshi chiqqan, 51 kishi betaraf bo‘lgan. Endi hukumat rahbari iste’foga chiqish yoki muddatidan oldin saylovlarni e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. — Interfaks.

Ishonchsizlik votumini bildirish imkoniyati 1974 yilgi konstitutsiyada ko‘rsatilgan. O‘shandan beri Riksdag ushbu masala bo‘yicha o‘n bir marta ovoz bergan, ammo votum bildirish bo‘yicha kelishib olinmagan. Shunday qilib, Stefan Lyoven mamlakat tarixida ishonchsizlik votumini olgan birinchi bosh vazir bo‘ldi.


Buyuk Britaniya bosh vaziri mamlakatning «ilmiy hukmronlik"ka erishish niyatini e’lon qildi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning aytishicha, hukumat tadqiqotlarga 2025 yilgacha 22 mlrd funt sterlinggacha sarmoya yetqizish va shu bilan Buyuk Britaniyaning «ilmiy hukumron» sifatida mavqeini mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Bosh vazir «strategik yo‘nalish» beradigan va «jamoat manfaati» uchun tadqiqotlarni moliyalashtiradigan yangi Milliy ilmiy-texnika kengashiga rahbarlik qiladi. Belgilangan maqsadga muvofiq, qo‘shimcha mablag‘lar iqlim o‘zgarishi, butun mamlakat bo‘ylab turmush darajasini yaxshilash va butun dunyo bo‘ylab farovonlik kabi ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun sarflanadi. — BBC News.


Eronning saylangan prezidenti o‘zgarishlarni amalga oshirishga, korrupsiya va qashshoqlikka qarshi kurashishga va’da berdi

Eron xalqi o‘zgarishlarni, korrupsiyaga qarshi kurashishni va farovonlikni yaxshilashni talab qilmoqda va bu talab yangi hukumat tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda dushanba kuni Eronning saylangan prezidenti Ebrahim Raisi ovoz berishdan keyingi birinchi matbuot anjumanida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, «hukumatning ustuvor yo‘nalishlari — ishbilarmonlik muhitini, odamlar hayotini va hukumatdagi vaziyatni yaxshilash, shuningdek ma’muriy tizimni isloh qilish va o‘zgarishlarga to‘sqinlik qiladigan an’anaviy byurokratiyani yo‘q qilishdir». Raisining ta’kidlashicha, Eron yangi hukumati, agar kelishuvning boshqa tomonlari o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarsalar, yadroviy kelishuvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Eron tarixidagi o‘n uchinchi prezidentlik saylovlari 18 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Saylovchilarning 17,9 mlni yoki 62 foizi Ebrag‘im Raisiga ovoz bergan. — TASS.


Shuningdek:

  • Armaniston bosh vaziri v. b. Nikol Pashinyanning «Grajdanskiy dogovor» partiyasi parlament saylovlarida 53,92% ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinni mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyannig bloki egalladi. Robert Kocharyan parlament saylovlari natijalarini tan olmadi va saylov natijalariga shikoyat qilish uchun Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
  • Myanma amaldagi hukumat rahbari, harbiylar yetakchisi Min Aung Xlayn Moskvaga yetib keldi. Ta’kidlanishicha, Xlayn xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva konferensiyasida ishtirok etadi.
  • Yaponiyada 65 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar uchun COVID-19ga qarshi ommaviy emlash boshlandi.
  • Hindistonning Maxarashtra shtatida koronavirusning yangi shtammi topildi, u «delta plyus» deb nomlandi. Hozirda 20 ga yaqin holat aniqlangan.