Dubayning Quadro IH DMCC Toshkent shahridagi «Ichan qal’a» mehmonxonasini xususiylashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘ldi, deb xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

«Ichan qal’a» mulk kompleksi poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Yusuf Xos Xojib ko‘chasida joylashgan.

74,2 mlrd so‘mni taklif qilgan kompaniya tanlov g‘olibiga aylandi. Spot va boshqa ОАВлар yozishicha, mehmonxona ilgari O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan va Chorvoq suv ombori sohilidagi Sijjak dam olish zonasi bilan birga davlat nazoratiga o‘tgan.


Quadro IH DMCC — bu BAAning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi boshqaruv kompaniyasi Quadro Capital Partners`ning bir qismi bo‘lib, Rossiya va boshqa MDH mamlakatlarida o‘sish va inqirozni boshqarish investitsiyalariga ixtisoslashgan. U 2009 yilda Troika Dialog investitsiya kompaniyasining vakillari tomonidan tashkil etilgan.

O‘tgan yillar davomida Quadro Capital Partners Rossiyaning bir nechta loyihalariga, masalan, Fix Price do‘konlari tarmog‘i, «Monetka» supermarketlar tarmog‘i, MX GROUP, FX CLUB avtomobil mahsulotlari bozori va boshqalarga sarmoya kiritgan.