BMT Taraqqiyot dasturining mintaqaviy rahbari Miryana Spolyarich Egger ikki kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga BMT taraqqiyot dasturining mamlakatdagi vakolatxonasi axborot xizmati xabar berdi.

15 iyun kuni Spolyarich Egger O‘zbekistondagi va butun Markaziy Osiyodagi ayollarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish mavzusi bo‘yicha forumda qatnashdi. Mazkur tadbirda u gender masalalarini O‘zbekistonning o‘ta muhim tadbirkorlik sektoridagi asosiy mavzuga aylantirish hamda ayollarning iqtisodiyotdagi ishtirokiga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy va me’yoriy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha BMTTDning maqsadini tasdiqladi.

«Men O‘zbekistonning COVID-19 pandemiyasiga nisbatan qabul qilingan choralarni nafaqat tezkorligini balki barqaror rivojlanishning o‘rta va uzoq muddatli ehtiyojlari bilan qanchalik bog‘liq bo‘lganligini yuqori baholayman», — dedi u.

«Ushbu o‘zgarishlar juda o‘rinli, chunki O‘zbekiston o‘zining 2022−2026 yillar uchun rivojlanish strategiyasini shakllantirmoqda va o‘sishning kelgusi yo‘nalishlarini belgilab olmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi Spolyarich Egger.

16 iyun kuni u «Ishga marhamat» monomarkaziga uskunalarni topshirdi. Ushbu uskunalar monomarkazning tehnik salohiyatini takomillashtirishda va O‘zbekiston yoshlari orasida bandlikni oshirishga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.

O‘zbekistonga tashrifi doirasida Spolyarich Egger rivojlanishning eng muhim milliy yo‘nalishlari bo‘yicha BMT Taraqqiyot Dasturining sodiqligini tasdiqladi. Ular BRM ijrosi ustidan parlament nazoratini takomillashtirish, aholining zaif qatlamlariga urg‘u bergan xolda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini amalga oshirishni rag‘batlantirish, O‘zbekistonning COVID-19 pandemiyasidan so‘ng yashil tiklanishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek Milliy gender tenglikni ta’minlash strategiyasini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

BMTTDning Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha Mintaqaviy byurosi direktori sifatida 2018 yil oktyabr oyidan Spolyarich Egger 17 mamlakat va bitta hududda loyihalarni boshqarib kelmoqda. Ushbu tashrif Spolyarich Egger uchun COVID-19 pandemiyasi tarqalishidan keyingi birinchi xorijiy safar bo‘ldi.