O‘tgan yil yoz oyining oxirlari — 29 avgust kuni Toshkent metrosining yer usti Halqa yo‘li hamda Yunusobod yo‘nalishiga qo‘shilgan ikki bekat ish faoliyatini boshladi. Shuningdek, 26 dekabr kuni metroning Sergeli yo‘nalishi ham ishga tushirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, metroda dushanba-juma kunlari metrodan bir kunda 330 ming, shanba-yakshanba kunlarida esa 150 ming nafar inson tashiladi. Metrodan foydalanadigan kishilarning barchasi ham bekatlarning nomi-yu, ularning yo‘nalishlaridan to‘liq xabardor bo‘lmasligi mumkin. “Gazeta.uz” muxbirlari bugungi kunda metro bekatlaridagi yo‘l ko‘rsatkichlarning holati qay darajada ekanligini o‘rganishdi.

Yer usti Halqa yo‘lidagi metro bekatlari nomi qanday?

Metro yo‘nalishi o‘tgan yilning 29 avgust kuni ochilganida uning bekatlarining nomi raqamlar bilan ifodalangan edi (2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-bekat). Faqatgina bitta bekatg “1-bekat” deb emas, balki “Do‘stlik-2” deya nom berilgan. O‘zbekiston temir yo‘llarining 2019 yil 23 avgust kuni bergan ma’lumotiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bekatlar nomi “Do‘stlik”, “Ohangaron”, “Tuzel”, “Iltifot”, “Rohat”, “Yangiobod” hamda “Qo‘yliq” deya nomlanganini ko‘rishimiz mumkin.

Mazkur metro yo‘nalishi ochilgan vaqti ham, hozir ham poyezdlarning oldida “Qo‘yliq” degan yozuv bor, biroq Qo‘yliqdagi bekat peshtoqida “7-bekat” deya yozib qo‘yilganligi e’tiborga molik jihat.

Biz avvalroq bu holat vaqtinchalik ekanligi, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi toponimik komissiya ularni nomlashi kerakligi haqida yozgan edik.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Avvalroq, Sergeli yo‘nalishidagi metro bekatlarni dastlab “Choshtepa”, “Toshkent halka yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq” va “Chinor” deb nomlash rejalashtirilgani, ammo kutilganidan farqli o‘laroq, Sergeli yo‘nalishining bekatlariga Qo‘yliq yo‘nalishi kabi “Bekat-1”, “Bekat-2” va h.k. deb nom berilgani haqida ham yozganmiz.

So‘zni yer usti Halqa yo‘lidan boshladik va endi shundan davom ettiramiz. Mazkur metro bekatlariga (shuningdek, Sergeli yo‘nalishidagi metro bekatlariga) kunning sovuq vaqtida chiqsangiz sovuqni, issiq vaqtida chiqsangiz esa issiqni his qilasiz. Ochilganiga yaqinda 1 yil to‘ladigan ushbu bekatlariga sovutgichlar o‘rnatilish rejasi bor yoki yo‘qligi bizni qiziqtirdi. Yer usti Halqa yo‘lida poyezdlarni kutib oluvchi va jo‘natuvchi Nigora Soatova yaqin orada sovutgichlar qo‘yilishi haqida aytib o‘tdi.

Halqa yo‘li bekatlariga chiqish va bekat ichiga kirish oralig‘ida bo‘lgan joyda o‘rnatilgan sovutgichlarning (konditsioner) oldida insonlar poyezd kelguncha kutib turishi esa e’tiborimizni tortdi.

Halqa yo‘lining 3-bekatidan tushib ko‘rganmisiz? Chiqish eshigidan ko‘cha tomonga chiqadigan kishi yo‘lning piyodalar uchun mo‘ljallangan joyiga o‘tishi uchun “zebra” yo‘laklari ham, chorraha ham o‘rnatilmagan. Kuniga minglab insonlar o‘tadigan joy va avtomobil yo‘li oralig‘ida yo‘lovchilar o‘tishi uchun yo‘laklar bo‘lmasligi ajablanarli, shunday emasmi? Bu holatni shahar hokimligi nazorat qilishi kerak.

Avval ham, Toshkent metrosining Sergeli va Halqa yo‘li yo‘nalishlarining ba’zi bekatlariga olib boradigan piyodalar o‘tish joylari yo‘qligi, chorrahalarda svetoforlar yo‘qligi, piyodalar infratuzilmasi va harakatlanish imkoniyati cheklangan odamlar uchun sharoitlar talabga javob bermasligi haqida yozgan edik.

Halqa yo‘lida poyezdga minar ekansiz e’tiboringiz bevosita poyezd ichiga o‘rnatilgan zamonaviy yo‘l ko‘rsatkichlariga tushadi. Siz u yerdan bekatlar nomini ham izlashingiz mumkin. Qiziq tomoni shundaki, unda faqat yer usti metro bekatlarining nomlari ko‘rsatilgan. E’tiborimizni tortgan jihat esa Yunusobod yo‘nalishi bo‘ldi. Ekranda mazkur yo‘nalishning eng oxirgi bekati “Shahriston” etib ko‘rsatilgan. Vaholanki, Halqa yo‘li bilan bir kunda Yunusobod yo‘nalishining yangi ikki bekati — “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari o‘z ishini boshlagan. Biroq bu yo‘nalishlarning ekranga kiritilmagani bizni hayron qoldirdi. Sergeli yo‘nalishida yangi ishga tushirilgan 5 ta bekatning ushbu xaritaga kiritilmaganini esa biroz kechroq ishga tushgani bilan izohlash mumkindir balki.

Halqa yo‘lidagi safarimizni Yunusobod yo‘nalishida qurilgan yangi bekatlarda davom ettirishga qaror qildik.

“Turkiston” bekatida yo‘l ko‘rsatkichlari qanday?

Yunusobod metro yo‘nalishining davomi qurilishi O‘zbekiston prezidentining 2016 yil 7 noyabrdagi farmoniga asosan boshlandi. Yo‘nalishning dastlabki oltita bekati 2001 yilda foydalanishga topshirilgan edi, ammo u hududning aholisi nisbatan zichroq joylashgan joylarga tutashgan emas edi. “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlarining ochilishi bilan yo‘nalish 3 kmga uzaytirildi. Yo‘nalishning uzaytirilishi 103,8 million dollarga baholandi. Bu yerdagi yo‘l ko‘rsatkichlari borasida muammo yo‘q. Biroq yuqoriroqda ta’kidlangan bir jihatni yana takrorlashga majburmiz: bu yerda ham Sergeli yo‘nalishidagi 5 ta bekat ko‘rsatilmagan. Chilonzor yo‘nalishidagi oxirgi bekat ko‘rsatkichlar bo‘yicha “Olmazor” bekati bo‘lib turibdi.

“Ming o‘rik"dagi yo‘l ko‘rsatkichlar — bir bekatda ikki xil

“Turkiston” yo‘nalishidan to‘g‘ri “Ming o‘rik” bekati tomon yo‘l olganimizda e’tiborimizni bir jihat tortdi va avvalgilaridan ham ajablantirdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Ming o‘rik” bekatidan “Turkiston"ga qarab ko‘rsatilgan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bir bekatda ikki xil berilgan. Bekatga oddiy zina va eskalator orqali tushishingiz mumkin. Agar eskalator orqali tushilsa va Yunusobod yo‘nalishidagi ko‘rsatkichlarga qaralsa bunda barchasi joyida — oxirgi bekat “Turkiston” etib ko‘rsatilgan.

Ammo siz oddiy zina tomondan tushsangiz yoki yuqorida ko‘rsatilgan joydan yurganingizda ko‘rsatilgan bekat ko‘rsatkichlari “Turkiston"ni emas, balki so‘nggi bekat sifatida “Shahriston"ni ko‘rsatadi. Maqola avvalida aytilganidek metro yo‘nalishlarini yaxshi bilmaydigan insonda ushbu holatda savol tug‘ilishi tabiiy — “bu yerdan “Turkiston"ga borsa bo‘ladimi yoki yo‘qmi?”, degan.

Darvoqe, “Ming o‘rik” bekatiga tushishda ekranlarda ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda ham so‘nggi bekat — “Shahriston”. Bu narsa istalgan insonni ajablantirishi, savol tug‘dirishi tabiiy, albatta.

“Olmazor"da barchasi joyida

“Olmazor” bekatidagi yo‘l ko‘rsatkichlari borasida muammo yo‘q. Barcha yo‘nalishlar to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Turkiston yo‘nalishi ham, Halqa yo‘li ham aniq berilgan. Siz qaysi bekatdan almashishingiz borasida ham ko‘rsatkichlar to‘g‘ri.

Sergeli yo‘nalishi aynan “Olmazor"da ko‘rsatilgan.

“Yunus Rajabiy” bekatida Yunusobod yo‘nalishi qanday ko‘rsatilgan?

Yuqorida “Olmazor” bekatida barchasi aniqligi haqida aytib o‘tdik. U yerda Yunusobod yo‘nalishiga “Amir Temur xiyoboni” bekatidan “Yunus Rajabiy” bekatiga o‘tish kerakligi belgilab qo‘yilgan. Biroq “Yunus Rajabiy"dagi yo‘l ko‘rsatkichlari ajablanarli. U yerda ko‘rsatilgan bekatlar orasida “Yunusobod” va “Turkiston” yo‘q.

Barcha fotolar: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Deylik, metro yo‘nalishini yaxshi bilmaydigan kishi “Olmazor"dan “Turkiston"ga bormoqchi. U “Amir Temur xiyoboni"dan “Yunus Rajabiy” bekatiga o‘tib qaysi tomondan “Turkiston"ga borish uchun yo‘l ko‘rsatkichlariga qaraganida tushunarsiz holatga duch kelishi tabiiy. Unda “xo‘sh, bu yo‘nalish meni “Turkiston"ga olib boradimi, yo‘qmi?”, degan savolning yuzaga kelishi bor gap.

Balki bu kabi holatlar boshqa bekatlarda ham bordir. Biz shunchaki o‘zimiz ko‘rgan va ajablangan jihatlarni sizga namoyish etdik. Toshkent metropolitenidan ushbu vaziyatning to‘g‘rilanishini, metro yo‘lovchilaridan esa turli savollar tug‘ilganda boshqa yo‘lovchilardan bekatlarni so‘rab, harakatlanishlarini so‘rab qolamiz.

Og‘abek Samisov va Yevgeniy Sorochin tayyorladi