Respublikadagi 24 ta tuman va shahar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilib, ularda «kichik sanoat zonalari» tashkil etiladi.

Bu prezidentning 9 iyundagi «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi [PF-6244-son] farmonida o‘z aksini topgan.

Mazkur ro‘yxatdan quyidagilar o‘rin olgan:

  • Qorao‘zak tumani (Qoraqalpog‘iston);
  • Buloqboshi tumani (Andijon);
  • Peshku va Qorovurbozor tumanlari (Buxoro);
  • Forish tumani (Jizzax);
  • Kitob va Dehqonobod tumanlari (Qashqadaryo);
  • Zarafshon va G‘ozg‘on shahri, Uchquduq tumani (Navoiy viloyati);
  • Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chust va Pop tumanlari (Namangan);
  • Nurobod va Paxtachi tumanlari (Samarqand);
  • Xovos tumani (Sirdaryo viloyati);
  • Boysun, Sherobod va Sariosiyo tumanlari (Surxondaryo);
  • Ohangaron (Toshkent viloyati);
  • O‘zbekiston tumani (Farg‘ona);
  • Hazorasp va Tuproqqal’a tumanlari (Xorazm).

Farmon bilan 2021 yil 1 iyuldan tegishli materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar beriladi.

Qolaversa, qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar:

  • milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha — tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi, biroq 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil qilinadi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan «O‘zsanoatqurilishbank»ga qurilish materiallari sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 200 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratiladi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 2021 yilda:

  • ixtisoslashtirilgan tumanlarda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish uchun 400 mlrd so‘m;
  • geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi.

Davlat geologiya va minerat resurslar qo‘mitasi 2021 yil 1 oktyabrga qadar kim oshdi savdolari natijalariga ko‘ra, 500 ta noruda foydali qazilmalar konlarining investorlarga foydalanishga berilishini ta’minlaydi.