Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekistonga yana 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelindi, deya xabar bermoqda SSV axborot xizmati. Bu ushbu vaksinaning O‘zbekistonga keltirilgan 5-partiyasi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun bundan avval ZF-UZ-VAC2001'ning: 27 martda — 1 mln doza, 27 aprelda — 1 mln doza, 18 mayda — 1 mln doza, 19 mayda — 500 ming doza partiyalari keltirilgan.

“Shuningdek, O‘zbekistonda 660 ming doza AstraZeneca, 240 ming doza „Sputnik V“ vaksinasi qo‘llanilib kelinmoqda”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 5,4 million dozaga yetmoqda. Ayni paytga qadar shundan 2,4 million dozadan ortig‘i vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llanildi.