Keyingi yillarda O‘zbekistonda xalqaro turizm izchil sur’atlarda rivojlanib bormoqda. 2020 yilda BMT qoshidagi Butunjahon turizm tashkiloti turizm rivojlanishi sur’ati bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallab turganini ma’lum qildi. Ayrim manbaalarda 2017 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan bir yillik davrda O‘zbekistonga xalqaro tashriflar soni 2,8 mlntadan 6,4 mlntagacha ko‘paygani holda 2,3 barobarga o‘sgani e’tirof etilgan. Qayd etish joiz, Samarqandga keluvchilarning aksariyati Qadimiy Ipak yo‘lidagi ushbu qadimiy va fayzli shaharda joylashgan tarixiy hamda madaniy yodgorliklarni tomosha qilish istagida bo‘lgan sayyohlardir.

Samarqand sayyohlar uchun alohida jozibadorlikka egaligidan tashqari mamlakat poytaxti Toshkentni yana ikkita tarixiy shaharlar hisoblanmish Xiva va Buxoro bilan bog‘lovchi transport tuguni sifatida ham ahamiyatli. Shuningdek, kelasi yilda SHHTning navbatdagi sammitiga aynan Samarqand mezbonlik qilishi kutilmoqda va shu sabali shaharga tashrif buyuruvchilar soni yanada ko‘payishi aniq.


1967 yilida qurilgan Samarqand aeroportining eski binosi zamonaviy xalqaro standartlarga javob berolmay qolgan. Shaharga tashrif buyuruvchilar soni tobora ortib borayotgan bir sharoitda ularga munosib xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash uchun 2018 yilning noyabr oyida Samarqand xalqaro aeroportini qaytadan planlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil iyul oyidagi tashrifidan so‘ng ushbu loyiha ko‘lami yanada kengaytirildi. Samarqandda zamonaviy sayyohlik markazini, jumladan, yangi aeroportni, mehmonxonalar, konferens-zallar, mavzuli xiyobonlar va boshqa ko‘ngilochar maskanlarni o‘z ichiga olgan sayyohlik markazini yaratish ehtiyoji yuzaga keldi.

Aeroport rekonstruksiyasi xalqaro terminalni modernizatsiyalash, yana bir zamonaviy terminalni, yangi uchish-qo‘nish yo‘lakchasini bunyod etish hamda radiolokatsiya tizimlarini yangilashni o‘z ichiga oladi. Loyihada, shuningdek samolyotlar uchun 24 ta qo‘nish joyi va 700 o‘rinli yengil avtomobillar to‘xtash joyi qurilishi nazarda tutilgan. Bugungi kunga kelib umumiy ish hajmining 80 foizi bajarib bo‘lindi. Endilikda aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini soatiga 350 tadan 1000 tagacha oshirish hisobiga kutilayotgan passajirlar oqimini yiliga 460 000 tadan 2 mlntagacha, doimiy tartibdagi reyslar sonini esa haftasiga 40 tadan 120 tagacha yetkazish imkoniyati ta’minlanadi.

Enter Engineering zimmasidagi barcha ishlar koronavirus bilan bog‘liq pandemiya sharoitida amalga oshirilganini alohida ta’kidlash lozim. Bu jarayonda xodimlar va ishchilarning xavfsizligi hamda xotirjamligini ta’minlash, virus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik asosiy vazifalardan biriga aylandi. Shu maqsadda barcha xodimlarning virus xavfi va undan saqlanish vositalaridan xabardor bo‘lishlari uchun bir nechta samarali choralar qo‘llanildi.

Shaxsiy himoya vositalaridan qat’iy tarzda foydalanish, xodimlarning tana haroratini doimiy ravishda o‘lchash, gigiyenik va dezinfeksiyalash vositalarini ommaviy tarzda qo‘llash, xavf doirasidagi xodimlarni karatin tartibida kuzatuvga olish va ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash kabi choralar o‘z samarasini berdi. Jarayon davomidagi ayrim muqarrar sekinlashish holatlariga qaramasdan umumiy ish grafigidan chetga chiqmagan holda ishlashga erishildi va ushbu loyiha joriy yil sentyabr oyida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.


Endilikda Samarqandga tashrif buyuruvchilarni Mirzo Ulug‘bekning 1444 yilda yozilgan «Zijji jadidi Ko‘ragoniy» asariga muqoyasa sifatida ochiq kitob ko‘rinishida bunyod etilgan terminal qarshi oladi. O‘z davrida bu kitob 1018 ta yulduzning joylashuvi haqida ma’lumot beruvchi eng mukammal asar sifatida dunyo falakiyotshunosligi ilmining eng muhim va ilg‘or hujjati hisoblangan. Terminalning tom qismida ba’zi yulduzlar turkumi tasviri tushirilgan yulduzli osmon ko‘rinishi aks ettiriladi, ayniqsa tungi osmonda bu ko‘rinish juda ajoyib va ulug‘vor manzara kasb etadi.

Rustam Haydarov — Enter Engineering bosh direktorining sanoat va fuqarolik obyektlari qurilishi bo‘yicha o‘rinbosari.

Batafsil ma’lumotlar uchun:

Telegram: t.me/enterengineeringpteltd
Instagram:www.instagram.com/enter_engineering_group
Facebook: www.facebook.com/EnterEngineering