Burkina-Fasoda jangarilarning qishloqqa hujumi natijasida 160 kishi halok bo‘ldi

5 iyunga o‘tar kechasi Burkina-Faso shimoli-sharqidagi Solxan qishlog‘iga jangarilar hujumi natijasida 160 kishi halok bo‘ldi. «O‘tgan kuni biz 160 kishini, shu jumladan 20 ga yaqin bolani uchta qabrga dafn etdik», deya TASS AFP’ga tayanib keltirmoqda. Mamlakat hukumati ushbu fojia munosabati bilan uch kunlik milliy motam e’lon qildi.

TASSning yozishicha, Burkina-Faso so‘nggi uch yil ichida G‘arbiy Afrikadagi islomiy guruhlar tomonidan uyushtirilgan terroristik harakatlar markaziga aylandi. Ushbu davr mobaynida terrorchilar mingdan ortiq tinch aholini o‘ldirgan, zo‘ravonliklar tufayli 1,5 mlndan ortiq odam uylarini tashlab, qochqinlarga aylandi. — TASS.


«Chernobil turizm sohasida kuchli magnitga aylanishi kerak» — Zelenskiy

Chernobil xalqaro va ichki turizm zonasiga, begonalashgan hudud [Chernobil zonasi xalq orasida shunday nomlanadi] esa tiklanish hududiga aylanishi kerak. Bu haqda «Ukraina 30. Ekologiya» forumi davomida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy aytib o‘tdi. «Mening tashabbusim bilan [Chernobil] begonalashgan hududni tiklash jarayoni boshlandi va uch yilga Chernobil zonasini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Unda infratuzilmani o‘zgartirish, hududni rivojlantirishning yangi konsepsiyasi, Chernobilning ichki va xalqaro targ‘iboti ko‘zda tutilgan. Bu Ukrainada ham, butun dunyoda ham turizm uchun kuchli magnitga aylanishi kerak, begonalashgan hudud esa tiklanish hududiga aylanishi kerak», — dedi Ukraina rahbari.

Hozirda ushbu hududda velosiped marshruti o‘tkazilgan. Yo‘nalishning umumiy uzunligi 45 km dan ortiq. Shuningdek, Ukraina Madaniyat va axborot siyosati vazirligi Chernobil zonasini YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilishini ta’minlash ustida ish olib bormoqda. — TASS.

Avvalroq Chernobil AESidagi falokatning 35 yilligi munosabati bilan Ukraina Xavfsizlik xizmati o‘z arxividagi ba’zi maxfiy hujjatlarni oshkor qilgan edi. «Gazeta.uz» ushbu fojia haqida «Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi» nomli maxsus maqolasida taqdim etgan.


Google Fransiyada 220 mln yevro miqdorida jarimaga tortildi

AQShning Google kompaniyasi Fransiyada raqamli reklama bozoridagi ustun mavqeidan suiiste’mol qilganlikda ayblanib, 220 mln yevro jarima to‘laydi. Fransiyaning monopoliyaga qarshi regulyatori Google o‘z mavqeidan foydalanib, o‘z reklama xizmatlarini raqobatchilarga zarar yetkazadigan tarzda targ‘ib qilgan degan xulosaga keldi. Regulyator bilan tuzilgan kelishuv doirasida kompaniya Google Ad Manager reklama xizmatining uchinchi shaxslar bilan o‘zaro aloqalarini yaxshilash orqali o‘z amaliyotini o‘zgartirishga va’da berdi. — Bloomberg.


Jeff Bezos akasi bilan birga 20 iyul kuni kosmosga uchadi

Amazon va Blue Origin aerokosmik kompaniyasi asoschisi Jeff Bezos akasi Mark Bezos bilan birga kosmosga uchadi. «Besh yoshimdan beri men koinotga sayohat qilishni orzu qilardim. 20 iyul kuni men ushbu sayohatni akam bilan birga amalga oshiraman. Eng yaqin do‘stim bilan — eng buyuk sarguzasht», — deb yozgan Bezos Instagram’dagi sahifasida.

Parvoz Blue Origin tomonidan yaratilgan New Shepard kosmik kemasida amalga oshiriladi. Ushbu raketa bir bosqichli bo‘lib, Yer atmosferasidan tashqarida qisqa suborbital sayyohlik parvozlari uchun mo‘ljallangan.


Perudagi prezidentlik saylovlarida Keyko Fuximori g‘olib bo‘lmoqda

Foto: Keyko Fuximori. EPA / ERNESTO ARIAS

O‘ng qanot «Xalq hokimiyati» partiyasining raisi Keyko Fuximori Perudagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida yetakchilik qilmoqda. Byulletenlarning 77,7 foizi qayta ishlagandan so‘ng olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Peruning sobiq rahbari Alberto Fuximorining qizi saylovchilarning 51,9 foizi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Uning raqibi Pedro Kastilo, chap qanot «Erkin Peru» partiyasi vakiliga saylovchilarning 48.1 foizi ovoz berdi.

Yangi davlat rahbarining inauguratsiyasi 28 iyulga belgilangan, uning vakolati besh yilga mo‘ljallangan. Peruda ovoz berish 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar uchun majburiy. — TASS.

O‘tgan yilning noyabr oyida Fransisko Sagasti Peruning vaqtinchalik prezidenti etib saylangan edi.


Ispaniya COVID-19'ga qarshi to‘liq emlangan sayyohlarni qabul qilishni boshlaydi

Ispaniya 7 iyundan boshlab COVID-19'ga qarshi to‘liq emlangan sayyohlar uchun o‘z chegaralarini ochadi. RTVE’ning ta’kidlashicha, Pfizer, Moderna, AstraZeneca va Janssen tomonidan ishlab chiqarilgan, Yevropa dori-darmon agentligi tomonidan tasdiqlangan vaksinalar bilan birga, Xitoyning Sinopharm va Sinovac-Coronavac preparatlari bilan emlangan sayyohlar ham Ispaniyaga tashrif buyurishlari mumkin.

Ispaniyaga tashrif buyurishni istagan sayyoh avvalo mamlakatga kirishdan kamida 14 kun oldin to‘liq emlash siklini o‘tganini tasdiqlashi kerak. Buning uchun QR kodini ishlab chiqaradigan maxsus dastur orqali internetda so‘rovnoma to‘ldiriladi. Ushbu hujjat mamlakatga ketishdan oldin ham, pasport nazoratidan o‘tayotganda ham taqdim etilishi kerak. Shuningdek, 7 iyundan boshlab Ispaniya mamlakat portlarida kruiz kemalarini qabul qilishga ruxsat berdi. Shu bilan birga, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrikadan kelgan sayyohlar ushbu mamlakatlardagi og‘ir epidemiologik vaziyat tufayli Ispaniyaga kira olmaydi. — RTVE.


2020 yilda AQSh yadroviy qurolga sarflash bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylandi

AQSh 2020 yilda yadroviy qurolga ajratilgan mablag‘ bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylandi. Mamlakat o‘tgan yili ushbu sohaga 37,4 mlrd dollar sarflagan. Bu haqda Xalqaro yadro qurolini yo‘q qilish kampaniyasi (ICAN) hisobotida aytilgan. Hisobotga ko‘ra, 2020 yilda barcha mamlakatlarning yadro qurollariga sarflagan mablag‘lari 72,6 mlrd dollarni tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 1,4 mlrdga ko‘p. AQShdan tashqari birinchi beshtalikka Xitoy (10,1 mlrd dollar), Rossiya (8 mlrd), Buyuk Britaniya (6,2 mlrd) va Fransiya (5,7 mlrd) kirgan. — TASS.


Shunigdek:

  • Pokistonning Gotki shahrida poyezdlardan biri relsdan chiqib ketib, ikkinchi yo‘lovchi poyezdiga urildi. 36 nafar yo‘lovchi halok bo‘ldi. Bir necha odamlar vayronalar ostida qolib ketgan.
  • BMT 2021−2030 yillarga mo‘ljallangan Ekotizimni tiklash o‘nyilligi boshlanganini e’lon qildi. Favqulodda tiklash talab qilinadigan ekotizimlarga o‘rmonlar, tog‘lar, chuchuk suv havzalari, okeanlar va boshqalar kiradi, deya xabar berdi BMT.
  • Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yana bir bor Qrimga qarshi sanksiyalarni bir yilga uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishadi.
  • Eron Ukrainaning Boeing halokati qurbonlarining qarindoshlariga tovon puli to‘lashni boshlaydi. Qurbonlarning oilalariga 150 ming dollar beriladi. 2020 yil 8 yanvar kuni Tehron yaqinida halokatga uchragan Ukraina xalqaro aviakompaniyasining Boeing yo‘lovchi samolyoti Eron harbiylari tomonidan «inson xatosi» sababli tasodifan «qanotli raketa» yordamida urib tushirilgan edi.