4 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘l viloyati Issiqko‘l tumaniga safari vaqtida uning korteji ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda AKIpress prezident matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.

Yo‘lning Issiqko‘l tumani Ananevo qishlog‘i yaqinidagi qismida prezidentga hamroh bo‘lgan shaxslarga tayinlangan avtomashinani qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan mashina urib yuborgan.

«Prezidentning o‘zi boshqa mashinada bo‘lgan va jarohat olmagan», — deya yozmoqda Qirg‘izistonning Kloop nashri.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan avtomobil haydovchisi mast holatda bo‘lgan.

YTH natijasida uch kishi jarohat olgan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 1 nafar xodimi esa vafot etgan.