Ayni vaqtda Surxondaryo viloyati faollari bilan muloqot chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev savol berish, muammo va takliflarni o‘rtaga tashlashni so‘rab, bunga qarshi bo‘lganlar xiyonatchi bo‘lishini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Surxondaryoda Toshkentga bog‘liq bo‘lgan birorta muammo qolgani yo‘q. Hammasini viloyatni o‘zida hal qilsa bo‘ladi… „Prezident kelsin hal qilib bersin“, deb o‘tiraversak, muammolar o‘z yechimini topmaydi… Bugungi yig‘ilishda faqat muloqot bo‘ladi. Prezidentga savol berma, degan odam — xiyonatchi», — dedi u.

Shuningdek, davlat rahbari vazirlar viloyatdagi muammolarni hal qilish choralarini ko‘rmagunicha, poytaxtga qaytmasligini qo‘shimcha qildi.

Yig‘ilishda yoshlar masalalariga ham e’tibor qaratildi.

«Alisher [Sa’dullayev] yoshlar bilan gaplashib, nima muammolari bor, ularni nima qilishni istayapti, qaysi sohaga o‘z hissasini qo‘shmoqchi, qanday takliflari bor, shularni o‘rganib, bir haftadan keyin takliflarni kiritadi», — dedi prezident.