O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Taqdim etilgan loyihalardan biri — Toshkent xalqaro aeroportidan shahar markaziga o‘tishdagi ko‘prikni kengaytirish. Hozirgi yo‘l o‘tkazgich 1967 yilda qurilgan va 2008 yilda kengaytirilgan.

Yo‘l o‘tkazgichning hozirgi ko‘rinishi. «O‘zbekiston 24» kanali lavhasi.

«Poytaxtimiz rivojlanishi va transportlar soni oshishi bilan uni rekonstruksiya qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi», — deyiladi xabarda. Shu bois ushbu ko‘prikning Kichik halqa yo‘li bilan kesishgan joyida aylanma shaklidagi yo‘l o‘tkazgich qurish rejalashtirilgan. Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo‘lishi mo‘ljallangan.

Pezident matbuot xizmati xabarida ushbu muhandislik yechimining avtotransportlarning ko‘prikka chiqishi va tushishini osonlashtirishi, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashi hamda yaqin atrofdagi ko‘chalarda ham tirbandlik kamayishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Taqdim etilayotgan loyiha.

Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, obyektni 22 oy ichida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning may oyida Ohangaron shossesi va Maxtumquli ko‘chalari chorrahasida mamlakatdagi birinchi uch darajasi bog‘lama ochilgan edi. Uning qurilishi 2018 yilda boshlangan. Biroq uning mukammal o‘ylab chiqilmagani va haydovchilar uchun noqulay ekani, piyodalar harakatini qiyinlashtirgani ko‘zga tashlanib qoldi.