31 may kuni poytaxtdagi Hilton mehmonxonasida “Agrobank” ATB tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan “Fermerlar maktabi” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tabdirda “Agrobank ATB”, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rahbar xodimlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasining mutaxassislari, olimlar, fermerlar, tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Maktablarni ochishdan asosiy maqsad — qishloq xo‘jaligida yangi biznes yo‘nalishlarini ochish, bilimli va malakali yosh fermerlarni tayyorlash hamda ularning qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish, yoshlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni o‘rgatishdan iborat.

Loyihaga mamlakatning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Samarqand veterinariya va chorvachilik instituti, bir qator ilmiy tadqiqot institutlari, yirik ishlab chiqaruvchilar, klasterlar, mintaqalardagi ko‘p yillik tajribaga ega dehqon va fermerlar jalb etilgan. O‘qish muddati 2 oy mobaynida (qisqa muddatli) davom etadi.

Fermerlar maktabi respublikaning 5 ta hududida tashkil etilgan, xususan, Toshkent (Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari uchun), Andijon (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari uchun), Samarqand (Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari uchun), Termiz (Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari uchun), Nukus (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi fuqarolar uchun) shaharlarida.

Ushbu hududlarda ochilgan fermerlar maktablarida joriy yilning 31 mayidan boshlab ilk bor sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 150 nafar tinglovchi o‘qishni boshlaydi.

O‘quv dasturi qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish sirlari, mo‘l hosil olish uchun urug‘ va o‘g‘itlarni tanlash, chorva mollarining parvarishi, samarali biznes reja tuzish asoslari, yetishtirilgan mahsulotlarni zamonaviy marketing usullari orqali sotish kabi nazariy va amaliy bilimlarni o‘z ichiga oladi.

Nazariy mashg‘ulotlar oliy o‘quv yurtlari bazasida olib boriladi. Barcha darslar malakali o‘qituvchilar tomonidan o‘qitiladi. Tinglovchilar o‘zlari qiziqqan qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha nazariy bilimlarni o‘rganish jarayonida oliy o‘quv yurtlari bazasidagi kamyob kitoblardan va qo‘llanmalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Amaliy mashg‘ulotlar tinglovchilar rejalashtirilgan tartibda nazariy bilimlarni egallaganlaridan so‘ng hududlardagi yirik chorvachilik va parrandachilik komplekslari, zamonaviy issiqxonalar, sabzavotchilik va polizchilik xo‘jaliklari hamda klasterlarda olib boriladi.

Shu bilan birga, darslar jahon standartlariga to‘laligicha javob beradigan o‘quv auditoriyalarda, qishloq xo‘jaligida tajribaga ega o‘qituvchilar va ilmiy mutaxassislar, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar, biznes yo‘nalishlari bo‘yicha trener hamda bank mutaxassislari ishtirokida o‘tkaziladi.

Amaliy darslar tajriba uchastkalari va yirik qishloq xo‘jaligi korxonalarida o‘tiladi.

Ta’lim olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar “Agrobank” ATB tomonidan moliyalashtiriladi.

Barcha tinglovchilar o‘quv kursini tugatganlik to‘g‘risida hamda biznes rejalarni muvaffaqiyatli himoya qilgan tinglovchilar esa qo‘shimcha kredit sertifikatiga ega bo‘ladilar.

O‘quv kurslarining afzalliklari — sohada yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega o‘qituvchilardan bilim olish imkoniyati, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning uyg‘unligi, sohadagi yetakchi biznes egalari tomonidan master klasslarda ishtirok etish, biznes hamkorlar tarmog‘ini kengaytirish imkoniyati va bularning barchasi bepul tarzda amalga oshirilishidir.

Fermerlar maktabiga qabullar har 2 oyda bo‘lib o‘tadi va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar mazkur maktablarga qabul qilinadi.

O‘qish istagida bo‘lgan fuqarolar fermerlar maktabining maxsus telegram boti — @fermerlar_maktabi_bot yoki rasmiy sayti: fermermaktab.uz orqali hujjat topshirishlari mumkin.

Reklama huquqlari asosida.