Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 100% kuyib ketgan jasad topildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Xayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 28 may kuni soat 19:00 larda «Toshkent-Dushanbe» avtomobil yo‘lining Mirzaobod tumani, Yangi hayot MFY hududidagi tuman hokimligi zaxira yer maydonidan Toshkent shahri, Uchtepa tumanida yashovchi F.P.ning (1974 y.t., sudlanmagan, haydovchi) murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi tanasining 100 foiz kuyishi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«Sirdaryo xabarlari»ning yozishicha, jasad yonida oq rangli Cobalt avtomobili ham topilgan bo‘lib, avtomobilga shikast yetkazilmagan.