Senatning 15 yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Majlisda amaldagi saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning tahlillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida ayrim muammolar mavjudligini ko‘rsatayotgani qayd etildi.

YeXHT saylovlari bo‘yicha missiyasi tomonidan esa saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmasligini va nomzodlar ularning o‘tkazish joyi va vaqti haqida tegishli hokimliklarni 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilishi lozimligini belgilash tavsiya etilgan.

YeXHT saylovlari bo‘yicha missiyasi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni faqat sud ko‘rib chiqishini belgilashni tavsiya qilgan.

Shundan kelib chiqib, Saylov kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar kiritilmoqda:

  • yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishni chiqarib tashlash;
  • O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 11 — 18 nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishini belgilash;
  • saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi normani chiqarib tashlash;
  • saylovda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligini belgilash;
  • saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligini belgilash.

Senatorlar ushbu qonunni qabul qilish milliy saylov qonunchiligini umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtirishga xizmat qiladi degan fikrda.

Hujjat prezident tomonidan imzolangan va OAVda e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.