O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan jami 200 mln dollar qarz oladi.

Bu prezidentning «Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi қарорида o‘z aksini topgan.

Hujjat bilan jalb etilayotgan qarzlar:

  • Osiyo taraqqiyot bankidan 100 mln dollar — 10 yillik imtiyozli davr bilan 40 yilda qaytarish sharti asosida;
  • Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan 100 mln dollar — 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yilda qaytarish sharti asosida.

OTBdan ajratilgan mablag‘ning 35 mln dollari — 1000 ta tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, loyihaning maqsadli ko‘rsatkichlaridan quyidigalarni amalga oshirish o‘rin olgan:

  • 7 ta xalqaro standartlarga javob beruvchi Milliy referens laboratoriyalarini yaratish;
  • 1 ta Sanitariya-epidemiologiya huzuridagi Milliy referens laboratoriyani tashkil etish;
  • 475 ta muassasani rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash;
  • SSV tizimidagi kamida 80 foiz tibbiyot xodimlarini COVID-19`ga qarshi tekshirish uchun test sinovlarini o‘tkazish;
  • 9 ta respublika o‘lat profilaktikasi markazi filiallari va bo‘linmalarini tashkil etish.

OTB va OIIB kreditlari bo‘yicha qarzni to‘lash bilan bog‘liq harajatlar, shuningdek, komission va boshqa harajatlar bo‘yicha to‘lovlar Respublika byudjetidan qoplanadi.